Bir yillik maktabga tayyorlov kurslari bo‘yicha ota-onalar va pedagoglar ko‘p beradigan savollarga berilgan izohlarni bitta maqolada jamladik: pedagoglar…
Bir yillik maktabga tayyorlov kurslari bo‘yicha ota-onalar va pedagoglar ko‘p beradigan savollarga berilgan izohlarni bitta maqolada jamladik: pedagoglar, binolar xavfsizligi, ko‘p smenali maktablar, bog‘chadagi mashg‘ulotlar va hozirgi qamrov haqida.
1. Tayyorlov guruhlariga pedagog alohida olinadimi?
Maktab o‘qituvchilari darsini qoldirib, tayyorlov guruhiga yuboriladimi?
Yo‘q. Maktabda ishlab turgan o‘qituvchilar o‘z darslarini qoldirib, tayyorlov guruhlariga yuborilmaydi. Ularning asosiy dars yuklamasi o‘zgarishsiz qoladi.
Hozirgi qamrov qanday?
Hozirda maktabga tayyorlov yoshidagi bolalarning 98 foizi tayyorlov kurslari bilan qamrab olingan. Faoliyat yuritayotgan guruhlar pedagog kadrlar bilan to‘liq ta’minlangan.
Qamrov 100 foizga qachon yetkaziladi?
Qamrovni 100 foizga yetkazish uchun taxminan 800 ta yangi guruh ochish va 20 mingga yaqin qo‘shimcha o‘rin yaratish kerak bo‘ladi. Bu xarajatlar 2027-yilgi davlat budjetida nazarda tutiladi.
Alohida maqola sifatida o‘qish →
2. Guruh boshqa binoda ochilsa, bolalar xavfsizligi qanday ta’minlanadi?
Guruhlar qanday binolarda ochiladi?
Tayyorlov guruhlari duch kelgan joyda ochilmaydi. Ular faqat sharoiti bor ijtimoiy soha obyektlarida, qat’iy talablar asosida ochiladi. Bunday obyektlarga «Kelajak» markazlari, texnikumlar va madaniyat obyektlari misol bo‘ladi. Bu obyektlar ham to‘liq nazoratda bo‘ladi.
Bino qanday tekshiriladi?
Bolalar kirishidan oldin binoni sanitariya xizmati, yong‘in xavfsizligi xizmati va ta’lim boshqarmasi vakillari birgalikda borib ko‘radi. Ular quyidagilarni tekshiradi:
- xonalar issiqmi;
- yorug‘lik yetarlimi;
- hojatxona va suv bolalarga moslashtirilganmi;
- tomdan chakka o‘tmaydimi.
Talabga javob bermasa nima bo‘ladi?
Bino talablarga javob bersagina reyestrga kiritiladi, jihozlanadi va guruh ochiladi. Javob bermasa, avval ta’mirlanadi, shundan keyingina ruxsat beriladi.
Alohida maqola sifatida o‘qish →
3. Ikki-uch smenali maktabda tayyorlovga joy topiladimi?
Hozir qancha maktabda tayyorlov guruhlari bor?
Hozirda 4 000 dan ortiq maktabda bo‘sh turgan xonalarda tayyorlov guruhlari tashkil etilgan. Yaqin orada yana 191 ta maktabda 246 ta guruh ochiladi.
O‘quvchi bilan to‘lgan maktablarda guruh ochiladimi?
Yo‘q. Koeffitsiyenti yuqori maktablarda, ya’ni o‘quvchi soni sig‘imidan ko‘p bo‘lgan maktablarda tayyorlov guruhlari tashkil etilmaydi. Guruhlar faqat bo‘sh o‘rni bor va tayyorlov sinfini ochish imkoniyatiga ega maktablarda ochiladi. Shu sababli tayyorlov guruhlari maktab o‘quvchilarining darslariga va smenalar tartibiga xalal bermaydi.
Alohida maqola sifatida o‘qish →
4. Bolam o‘z bog‘chasida qolsa, unga kim dars o‘tadi?
Bog‘chaga qatnaydigan bola qayerda tayyorlanadi?
Bog‘chaga qatnayotgan bola maktabga tayyorlov mashg‘ulotlarini o‘sha bog‘chaning o‘zida o‘taydi. Uni boshqa joyga olib borish shart emas.
Mashg‘ulotlarni kim olib boradi?
Bog‘chadagi mashg‘ulotlarni shu bog‘chaning tarbiyachisi olib boradi.
Maktabdagi tayyorlov guruhida-chi?
Maktab binosida ochilgan har bir tayyorlov guruhi uchun shu guruh bilan ishlaydigan alohida pedagog ishga olinadi.
Alohida maqola sifatida o‘qish →
5. Farzandim tayyorlovga qayerga boradi va kim dars o‘tadi?
Tayyorlov guruhlari qayerda ochiladi?
Maktabga tayyorlov bog‘chalarda va maktablardagi bo‘sh sinfxonalarda tashkil etiladi. Bog‘cha va maktab bo‘lmagan olis hududlarda esa guruh «Kelajak» markazi, texnikum yoki boshqa ijtimoiy soha obyektida ham ochilishi mumkin.
Hozirgi qamrov qanday?
Hozirda 6 yoshli bolalarning 98 foizi, ya’ni 726 921 nafari maktabga tayyorlov bilan qamrab olingan. Ular quyidagicha taqsimlangan:
- bog‘chalarda — 489 172 nafar (66,2 foiz);
- maktablardagi bo‘sh sinfxonalarda — 215 003 nafar (29,1 foiz);
- qisqa muddatli guruhlarda — 19 910 nafar (2,7 foiz);
- mobil guruhlarda — 2 836 nafar (0,4 foiz).
Mashg‘ulotlarni kim olib boradi?
Tayyorlov guruhidagi mashg‘ulotlarni oliy ma’lumotli pedagog-tarbiyachi olib boradi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasasining maktabgacha ta’lim yo‘nalishida bitiruvchi kursda o‘qiyotgan talaba ham mashg‘ulot o‘tishi mumkin.
Alohida maqola sifatida o‘qish →
Maktabga tayyorlov va maktabgacha ta’limga oid yangiliklarni muallimlar.uz saytida kuzatib boring.