Kuzgi attestatsiya 2026: pedagogika bo‘yicha test savollari va javoblari (3-qism, 49–72)

Xalq ta'limi / 18 noyabr, 03:11 · 29

2026-yil kuzgi attestatsiya uchun pedagogika va kasbiy standart bo‘yicha test savollari to‘plamining 3-qismi (49–72-savollar).

Kuzgi attestatsiya 2026: pedagogika bo‘yicha test savollari va javoblari (3-qism, 49–72)
Attestatsiya - Boshlang'ich ta'lim! 👉BOSING!👈 Attestatsiya - Boshlang'ich ta'lim! 👉BOSING!👈

2026-yil kuzgi attestatsiya uchun pedagogika va kasbiy standart bo‘yicha test savollari to‘plamining 3-qismi (49–72-savollar). Har bir savolni avval o‘zingiz yeching, so‘ng «Javobni ko‘rish» tugmasini bosib, to‘g‘ri javob va qisqa izoh bilan tanishing.

💡 Maslahat: savollarni ketma-ket yeching va xato qilganlaringizni alohida yozib boring — takrorlash uchun qulay bo‘ladi.
49-savol
O‘qituvchi yangi mavzuni bayon qilishda o‘quvchilarning yoshi va tayyorgarligini hisobga oldi. Materialni o‘zaro bog‘liq qismlarga ajratib, oddiydan murakkabga va ma’lumdan noma’lumga qarab o‘rgatdi. Qaysi didaktik tamoyillar namoyon bo‘ladi?
1. Tushunarlilik
2. Ko‘rgazmalilik
3. Ilmiylik
4. Mustahkamlik
5. Tizimlilik va muntazamlik
  • A) 2, 4
  • B) 1, 5
  • C) 2, 3, 5
  • D) 1, 3, 4
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: B
Izoh: Vaziyatda ikkita didaktik tamoyil namoyon bo‘lmoqda: 1. Tushunarlilik — o‘qituvchi o‘quvchilarning yoshi, individual xususiyatlari va tayyorgarlik darajasini hisobga olib, mavzuni ularning tushunish imkoniyatiga mos bayon qiladi. 5. Tizimlilik va muntazamlik — materialni o‘zaro bog‘liq qismlarga ajratib, oddiydan murakkabga, ma’lumdan noma’lumga qarab izchil o‘rgatadi.
50-savol
O‘qituvchi ta’lim maqsadiga muvofiq o‘quv jarayoni bosqichlarini oldindan belgiladi, metod va vositalarni tanladi hamda kutilayotgan natijaga erishish tartibini ishlab chiqdi. Ushbu faoliyat nimani ifodalaydi?
  • A) Ta’lim jarayonini nazorat qilish.
  • B) Ta’lim natijalarini tahlil qilish.
  • C) Ta’lim texnologiyasini loyihalash.
  • D) Ta’lim mazmunini o‘zlashtirish.
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: C
Izoh: Ta’lim texnologiyasini loyihalash — belgilangan ta’lim maqsadiga erishish uchun o‘quv jarayonining bosqichlarini oldindan rejalashtirish, mos metod va vositalarni tanlash hamda kutilayotgan natijaga erishish tartibini ishlab chiqishdir.
51-savol
Ona tili o‘qituvchisi o‘quvchilar tashabbusi bilan “Kitobxonlar klubi”ni tashkil etdi. U bolalarning takliflarini tingladi, fikrlarini hurmat qildi; o‘quvchilar klub ishlari, vazifalar taqsimoti va umumiy yo‘nalishni belgilashda mustaqil qatnashdilar. Ushbu faoliyat kasbiy standartning qaysi mehnat vazifasini ifodalaydi?
  • A) Tarbiyaviy faoliyatni tashkil etish.
  • B) Ta’lim samaradorligini ta’minlash.
  • C) O‘quv jarayonini rejalashtirish.
  • D) O‘zlashtirishni muvofiqlashtirish.
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: A
Izoh: O‘qituvchi o‘quvchilarning tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, ularni jamoaviy faoliyatga, mustaqil qaror qabul qilishga va hamkorlikka jalb qilmoqda. Bu o‘quvchilarda ijtimoiy faollik, mas’uliyat, tashabbuskorlik va jamoada ishlash kabi fazilatlarni shakllantiradi. Shuning uchun ushbu faoliyat tarbiyaviy faoliyatni tashkil etish mehnat vazifasiga kiradi.
52-savol
Quyidagi pedagogik faoliyatlarni kasbiy standartdagi mehnat vazifalari bilan bog‘lang.
1. Maxsus ta’limiy ehtiyojlari asosida o‘quvchi bilan individuallashtirilgan ish olib borish.
2. O‘quvchilar yutuqlarini baholash orqali ularni o‘qishni davom ettirishga qiziqtirish.
3. O‘quvchilarni tenglik, adolat va o‘zaro hurmat asosidagi munosabatlarga yo‘naltirish.
4. Dars vaqtini oqilona rejalashtirish, darsning maqsadi, shakli va usullarini aniqlash.
  • A) 3, 4
  • B) 2, 3
  • C) 1, 3
  • D) 2, 4
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: A
Izoh: 3-band — Xavfsiz rivojlantiruvchi muhitni yaratish. O‘quvchilar o‘rtasida tenglik, adolat va o‘zaro hurmatni shakllantirish shu vazifaga kiradi. 4-band — O‘quv jarayonini rejalashtirish. Dars maqsadi, shakli, usullari va vaqtini oldindan belgilash rejalashtirish hisoblanadi. Qolgan bandlar: 1-band — maxsus ta’limiy ehtiyojlarni hisobga olish va individual yondashuv. 2-band — o‘zlashtirishni baholash va rag‘batlantirish orqali qayta aloqa berish.
53-savol
O‘qituvchi oraliq nazorat natijalarida aksariyat o‘quvchilar mantiqiy masalalarda qiynalganini aniqladi. U keyingi darslar uchun ma’ruza rejasini o‘zgartirib, asosiy vaqtni tahliliy topshiriqlarni birgalikda bajarish va muammoli vaziyatlarni muhokama qilishga ajratdi. O‘qituvchi qaysi zarur ko‘nikmani namoyon qildi?
  • A) Ota-onalarga natijalar bo‘yicha qayta aloqa berish strategiyalaridan foydalanish.
  • B) Baholash ma’lumotlarini talqin qilib, o‘qitish metodikasi va amaliyotini moslashtirish.
  • C) Pedagogik-psixologik bilimlar asosida vaziyatlarni kuzatish va tahlil qilish.
  • D) Baholash usullarini o‘quvchilarning ehtiyoj va qobiliyatlariga moslashtirish.
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: B
Izoh: O‘qituvchi oraliq nazorat natijalarini tahlil qilib, o‘quvchilarning qaysi mavzuda qiynalayotganini aniqladi. Shundan so‘ng dars rejasini o‘zgartirib, o‘qitish metodikasini yangi ehtiyojlarga moslashtirdi. Bu — baholash ma’lumotlarini talqin qilish va o‘qitish metodikasini moslashtirish ko‘nikmasidir.
54-savol
“Tarbiyaviy faoliyatni tashkil etish” mehnat vazifasi uchun zarur bilimlar majmuasini aniqlang.
  • A) Ta’lim nazariyalari, samarali o‘qitish usullari va ularni o‘quvchining yaxlit rivojlanishi bilan bog‘lash yo‘llari.
  • B) Sog‘liqni saqlovchi muhitning milliy xususiyatlari, mehnat gigiyenasi va texnika xavfsizligi qoidalari.
  • C) Fan davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturi hamda turli rejalarni tayyorlashning tuzilishi va tamoyillari.
  • D) O‘quvchining yosh xususiyatlari, shaxs rivojlanishidagi inqirozlar, ijtimoiylashuv qonuniyatlari va individual hayot trayektoriyasi.
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: D
Izoh: Tarbiyaviy faoliyatni samarali tashkil etish uchun pedagog o‘quvchining yosh va individual xususiyatlarini, shaxsiy rivojlanish bosqichlarini hamda jamiyatga moslashish jarayonlarini bilishi zarur. Shuning uchun D javob to‘g‘ri.
55-savol
Quyidagi bilimlardan qaysi biri pedagogning kasbiy faoliyati uchun zarur bilimlar majmuasiga kiradi?
  • A) Ta’lim jarayonini tashkil etishning didaktik tamoyillari, o‘qitish usullari.
  • B) Ta’lim tizimlarining tarixi, nazariyasi, qonuniyatlari va barpo etish tamoyillari.
  • C) Zamonaviy axborot texnologiyalarini fanga singdirish usullari.
  • D) Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning mazmuni.
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: D
Izoh: Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya bolalarning yashash, rivojlanish, ta’lim olish, himoyalanish va o‘z fikrini bildirish huquqlarini belgilaydi. Pedagog ushbu konvensiya mazmunini bilishi, o‘z faoliyatida bolaning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishi zarur.
56-savol
O‘qituvchi tarbiyaviy mashg‘ulotda o‘quvchilarga tayyor ko‘rsatmalar berish o‘rniga, muhokama qilinadigan masalalarni ular bilan belgiladi. Har bir o‘quvchining fikrini tinglab,
takliflarini qaror qabul qilishda hisobga oldi. Mashg‘ulot davomida o‘quvchilar fikrlarini erkin bildirdilar va o‘qituvchi bilan birgalikda tarbiyaviy faoliyatni tashkil etishda qatnashdilar.
Mazkur vaziyatda tarbiyaning qaysi qoidasi ustuvor namoyon bo‘lgan?
  • A) Tarbiyada hamkorlik va demokratiya qoidasi.
  • B) Tarbiyaning maqsadga qaratilganligi qoidasi.
  • C) Tarbiyada yosh va o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish qoidasi.
  • D) Tarbiyada milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustunligi qoidasi.
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: A
Izoh: O‘qituvchi o‘quvchilarga tayyor qarorlarni majburan qabul qildirmayapti. Aksincha, ularning fikrlarini tinglayapti, takliflarini inobatga olyapti va qarorlarni birgalikda qabul qilmoqda. Bu — tarbiyada hamkorlik va demokratiya qoidasining namunasidir.
57-savol
Texnologiya fani darsiga yosh o‘qituvchi kirdi. Dars davomida o‘quvchilar shovqin-suron qilib, o‘qituvchining ko‘rsatmalariga quloq solmayotganini kuzatdi. O‘qituvchi bunday vaziyatda qanday yo‘l tutishi maqsadga muvofiq?
  • A) Sinf rahbaridan yordam so‘rab, muammoni uning zimmasiga yuklashi kerak.
  • B) Ota-onalar majlisini o‘tkazib, o‘quvchilarning xulq-atvoridan shikoyat qilishi kerak.
  • C) O‘z pedagogik mahoratini oshirishi, sinfni boshqarish usullarini o‘rganishi va interfaol metodlardan foydalanishi kerak.
  • D) Shovqin qilayotgan o‘quvchilarni darsdan chiqarib yuborishi kerak.
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: C
Izoh: Yosh o‘qituvchi bunday vaziyatda muammoning sabablarini aniqlashi, sinfni samarali boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirishi va o‘quvchilarni darsga faol jalb qiladigan metodlardan foydalanishi kerak. Bu o‘qituvchining o‘z ustida ishlashi va kasbiy mahoratini oshirishini anglatadi.
58-savol
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi yangi o‘quv mavzusiga tayyorgarlik jarayonida o‘quvchilarda shakllanishi lozim bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni belgilaydi. U mashg‘ulot bosqichlarini, ularga ajratiladigan vaqtni hamda o‘quvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun foydalaniladigan raqamli vositalardan foydalanish imkoniyatlarini aniqlaydi.
O‘qituvchining ushbu faoliyati qaysi mehnat vazifasiga tegishli?
  • A) O‘quv jarayonini rejalashtirish.
  • B) O‘zlashtirishni baholash va qayta aloqani taqdim etish.
  • C) Ta’lim samaradorligini ta’minlash.
  • D) O‘z-o‘zini rivojlantirish va kasbiy o‘sish.
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: A
Izoh: O‘qituvchi dars boshlanishidan oldin shakllantiriladigan bilim va ko‘nikmalarni, mashg‘ulot bosqichlarini, vaqt taqsimotini hamda foydalaniladigan vositalarni belgilamoqda. Bu — o‘quv jarayonini rejalashtirish mehnat vazifasidir.
59-savol
O‘qituvchi o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini aniqlash va tahlil qilish jarayonida amalga oshirishi lozim bo‘lgan zarur ko‘nikma va harakatlar to‘g‘ri ko‘rsatilgan javob variantini aniqlang.
1. O‘quvchilarga metakognitiv strategiyani o‘rgatishda turli yondashuvlardan tanlash, nazorat qilish va o‘z-o‘zini baholash ko‘nikmalaridan foydalanish.
2. O‘quvchilarning turli xil ehtiyojlari va qobiliyatlari bilan bog‘liq holda baholash usullarini shaxsga yo‘naltirish.
3. O‘quvchilar ta’lim jarayonida to‘qnashgan qiyinchiliklarini kuzatish va qayd etish.
4. O‘quvchining ta’lim olishdagi qiyinchiliklari to‘g‘risida tegishli soha mutaxassislari bilan maslahatlashish.
5. O‘quvchilar bilimini baholash natijasida olingan ma’lumotlar asosida darsni tashkil etish va ta’lim berishdagi yondashuvlarining samaradorligini tahlil qilish.
  • A) 1, 2, 3
  • B) 1, 3, 5
  • C) 2, 3, 4
  • D) 2, 4, 5
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: C
Izoh: O‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini aniqlash va tahlil qilishda baholashni individual ehtiyojlarga moslashtirish, qiyinchiliklarni kuzatish va zarur hollarda mutaxassislar bilan maslahatlashish muhim hisoblanadi. Bandlar tahlili: 1. Metakognitiv strategiyalar — o‘quvchining o‘z o‘qishini rejalashtirishi, nazorat qilishi va baholashi. Bu ko‘proq mustaqil o‘rganish ko‘nikmalariga tegishli. 2. Baholash usullarini shaxsga yo‘naltirish — o‘quvchining ehtiyoj va qobiliyatlarini hisobga olish. 3. Qiyinchiliklarni kuzatish va qayd etish — o‘zlashtirishdagi muammolarni aniqlash. 4. Mutaxassislar b…
60-savol
Uchinchi sinf o‘qituvchisi qoldiqli bo‘lish mavzusini o‘tishdan oldin o‘quvchilarga 17 ta daftarni 5 kishiga teng bo‘lishni topshirdi. Mavjud bilimlari yetarli bo‘lmagan o‘quvchilar yechimning yangi yo‘lini izlay boshladi.
Bu faoliyat uchun eng mos ta’lim turini aniqlang.
  • A) O‘yin texnologiyalari
  • B) Differensial ta’lim
  • C) Muammoli ta’lim
  • D) Dasturiy ta’lim
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: C) Muammoli ta’lim
Izoh: O‘qituvchi o‘quvchilarga tayyor bilimni bermasdan, ularni muammoli vaziyatga duch keltirmoqda. 17 ta daftarni 5 kishiga teng taqsimlash jarayonida o‘quvchilar avvalgi bilimlari bilan masalani to‘liq yecha olmaydi va yangi yechim izlashga kirishadi. Bu esa mustaqil fikrlash, izlanish va muammoni hal qilishga undaydi.
61-savol
Quyidagi pedagogik vaziyatlarni ularda namoyon bo‘lgan pedagogik qobiliyat turlari bilan moslashtiring.
Pedagogik vaziyatlar:
1. Yangi ko‘chib kelgan o‘quvchining xavotirlanganini sezgan o‘qituvchi tanaffusda uning yoniga o‘tirib, birga yechim topishni taklif qildi.
2. O‘quvchi tasodifan o‘qituvchining kitoblariga suv to‘kib yuborganda, o‘qituvchi ovozini ko‘tarmay, darsni bosiqlik bilan davom ettirdi.
3. Harflarni o‘rganish zerikarli bo‘lib qolganda, o‘qituvchi «Harf sayohati» nomli yangi o‘yinni o‘ylab topib, darsni shu tarzda davom ettirdi.
4. Ota-onalar yig‘ilishida o‘qituvchi har bir ota-ona bilan xushmuomalalik bilan gaplashdi, savollariga aniq va ravshan javob berdi.
Qobiliyat turlari:
A) Kommunikativ qobiliyat
B) Empatiya qobiliyati
C) Hissiy barqarorlik
D) Kreativlik
E) Mustaqil ta’lim olish qobiliyati
  • A) 1–B, 2–D, 3–C, 4–E
  • B) 1–A, 2–C, 3–D, 4–B
  • C) 1–B, 2–C, 3–E, 4–A
  • D) 1–B, 2–C, 3–D, 4–A
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: D) 1–B, 2–C, 3–D, 4–A
62-savol
O‘qituvchi har bir o‘quvchiga “Mening mahallam” albomini tayyorlashni topshirdi. Har bir o‘quvchi ish rejasi, muddati va bajarish tartibini mustaqil belgilab, ikki hafta davomida ishladi va tayyor albomni sinfga taqdim etdi.
Bu faoliyat uchun eng mos ta’lim turini aniqlang.
  • A) Muammoli ta’lim
  • B) Individual ta’lim
  • C) Hamkorlikdagi ta’lim
  • D) O‘yin texnologiyalari
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: B) Individual ta’lim
Izoh: O‘quvchilarning har biri topshiriqni mustaqil bajarmoqda. Ular o‘z ish rejasini, bajarish muddatini va ish tartibini o‘zlari belgilamoqda. Ya’ni ta’lim jarayonida har bir o‘quvchining mustaqil faoliyati asosiy o‘rinda turibdi.
63-savol
Pedagogik tizimlarning tarixi, nazariyasi, qonuniyatlari, barpo etish tamoyillari va faoliyat yuritilishi, ta’limning shaxs va jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati hamda yoshga doir rivojlanishning asosiy qonuniyatlari, shaxs rivojlanishidagi inqiroz bosqichlari bo‘yicha bilimlari qaysi mehnat vazifasini amalga oshirish uchun zarur hisoblanadi?
  • A) Ta’lim samaradorligini ta’minlash
  • B) O‘quv jarayonini rejalashtirish
  • C) Tarbiyaviy faoliyatni tashkil etish
  • D) Xavfsiz rivojlantiruvchi ta’lim muhitini yaratish
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: C) Tarbiyaviy faoliyatni tashkil etish
Izoh: Savolda shaxsning yoshga doir rivojlanishi, rivojlanish qonuniyatlari va inqiroz bosqichlari haqida bilimlar so‘ralmoqda. Bu bilimlar o‘quvchilarning yosh va individual xususiyatlarini hisobga olgan holda tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda muhim ahamiyatga ega. Pedagog o‘quvchining yoshiga xos psixologik xususiyatlarini bilsa, unga to‘g‘ri yondashadi, tarbiyaviy ta’sir usullarini to‘g‘ri tanlaydi.
64-savol
Sinfda o‘quvchilarni baholash jarayoni o‘tkazildi. Ikki guruh bir xil natija ko‘rsatdi. Bir guruh: «Biz oldin ko‘p qatnashganmiz, shuning uchun bizga ko‘proq ball qo‘ying», — dedi.
O‘qituvchi bu vaziyatda qanday baholash turidan foydalanishi kerak?
  • A) Normaga asoslangan baholash
  • B) Mezonlarga asoslangan baholash
  • C) Subyektiv baholash
  • D) O‘z-o‘zini baholash
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: B) Mezonlarga asoslangan baholash
Izoh: Mezonlarga asoslangan baholashda o‘quvchilarning natijalari oldindan belgilangan aniq mezonlar asosida baholanadi. Guruhning oldingi faolligi yoki o‘qituvchiga murojaati hisobga olinmaydi. Ikki guruh bir xil natija ko‘rsatgan bo‘lsa, ularga bir xil mezon asosida bir xil ball qo‘yiladi.
65-savol
Maktabga ikki nafar o‘quvchining ota-onasi o‘zaro kelishmovchilik sababli janjallashib keldi. O‘qituvchi har ikki tomonni xotirjam tingladi, ularning fikrlarini inobatga oldi va vaziyatni ijobiy hal qilishga erishdi.
Ushbu vaziyatda o‘qituvchining qaysi pedagogik qobiliyati namoyon bo‘ldi?
  • A) Akademik qobiliyat
  • B) Kommunikativ qobiliyat
  • C) Didaktik qobiliyat
  • D) Tashkilotchilik qobiliyati
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: B) Kommunikativ qobiliyat
Izoh: Kommunikativ qobiliyat — pedagogning o‘quvchilar, ota-onalar va hamkasblar bilan samarali muloqot o‘rnatishi, ularni tinglashi, fikr almashishi va kelishmovchiliklarni muloqot orqali hal qila olishidir.
66-savol
Sinfga yangi kelgan o‘quvchi jamoaga moslasha olmadi. O‘qituvchi uning holatini sezib, tanaffus vaqtida yoniga o‘tirdi, suhbatlashdi va unga ruhiy dalda berishga harakat qildi.
Ushbu vaziyatda o‘qituvchining qaysi pedagogik qobiliyati namoyon bo‘ldi?
  • A) Didaktik qobiliyat
  • B) Empatiya qobiliyati
  • C) Akademik qobiliyat
  • D) Tashkilotchilik qobiliyati
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: B) Empatiya qobiliyati
Izoh: Empatiya qobiliyati — boshqa insonning hissiy holatini tushunish, uning kechinmalarini his qilish va unga hamdardlik bildira olishdir. O‘qituvchi yangi o‘quvchining jamoaga moslasha olmayotganini sezib, uning holatini tushunishga va qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqda.
67-savol
Quyidagi pedagogik vaziyatlarni ularda namoyon bo‘lgan qobiliyat turlari bilan moslashtiring.
Pedagogik vaziyatlar:
1. O‘qituvchi darsdan so‘ng o‘z faoliyatini tahlil qildi, qaysi metod samarali bo‘lganini aniqladi va keyingi dars uchun o‘ziga yangi maqsadlar belgiladi.
2. O‘quvchi dars vaqtida o‘qituvchiga qo‘pol munosabatda bo‘ldi. O‘qituvchi jahli chiqishiga qaramay, o‘zini bosib, vaziyatni xotirjam hal qildi.
3. Yangi kelgan o‘quvchi sinfga moslasha olmayotganini sezgan o‘qituvchi uning yoniga o‘tirib, suhbatlashdi va ruhiy qo‘llab-quvvatladi.
Qobiliyat turlari:
A) Metakognitiv qobiliyat
B) Hissiy barqarorlik
C) Empatik qobiliyat
  • A) 1–B, 2–A, 3–C
  • B) 1–A, 2–B, 3–C
  • C) 1–C, 2–B, 3–A
  • D) 1–A, 2–C, 3–B
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: B) 1–A, 2–B, 3–C
68-savol
Aralash darsning tashkiliy qismidan keyingi bosqichlari tartibsiz berilgan:
1. Yangi bilimni avvalgilari bilan bog‘lab mustahkamlash.
2. Yangi mavzuni bayon qilish.
3. Uy vazifasini tekshirish va dars maqsadini qo‘yish.
4. Darsni yakunlash, uning natijalari va baholash.
5. O‘quvchilarni yangi bilimni qabul qilishga tayyorlash.
6. Uyga vazifa berish.
Bosqichlarning to‘g‘ri ketma-ketligini aniqlang.
  • A) 3–5–1–2–4–6
  • B) 5–3–2–1–6–4
  • C) 3–5–2–1–4–6
  • D) 3–2–5–1–6–4
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: C) 3–5–2–1–4–6
Izoh: Aralash darsda bosqichlar quyidagi tartibda amalga oshiriladi: 1. 3 — Uy vazifasini tekshirish va dars maqsadini qo‘yish. Avvalgi mavzu bo‘yicha bilimlar tekshiriladi va yangi dars maqsadi belgilanadi. 2. 5 — O‘quvchilarni yangi bilimni qabul qilishga tayyorlash. O‘quvchilarning diqqati yangi mavzuga yo‘naltiriladi, avvalgi bilimlari faollashtiriladi. 3. 2 — Yangi mavzuni bayon qilish. Yangi bilim va tushunchalar o‘rgatiladi. 4. 1 — Yangi bilimni avvalgilari bilan bog‘lab mustahkamlash. O‘quvchilar yangi bilimlarni mashq va topshiriqlar orqali mustahkamlaydi. 5. 4 — Darsni yakunlash, uning nat…
69-savol
Dars vaqtida sinf xonasiga derazadan qushcha kirib qoldi. O‘quvchilar shovqin ko‘tarib, diqqatini darsdan chalg‘itdi. O‘qituvchi esa vaziyatdan tezda chiqish yo‘lini topib: «Bu qushcha ham bilim o‘rgangani kelibdi», — deb hazilomuz fikr bildirdi va darsni davom ettirdi.
Ushbu vaziyatda o‘qituvchining qaysi qobiliyati namoyon bo‘ldi?
  • A) Empatiya qobiliyati
  • B) Hissiy barqarorlik
  • C) Hozirjavoblik qobiliyati
  • D) Notiqlik san’ati
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: C) Hozirjavoblik qobiliyati
70-savol
Pedagog mavzuni tushuntirishda jadval va rasmlardan foydalandi. Mavzu tushunchalarini obrazlar orqali yoritib, o‘quvchilarni savol-javob va muhokamalarda qatnashtirdi, o‘z fikrlarini bildirish hamda xulosalar chiqarishga jalb etdi.
Ushbu faoliyatda qaysi didaktik tamoyillar namoyon bo‘ladi?
1. Ko‘rgazmalilik
2. Nazariya va amaliyot birligi
3. Onglilik va faollik
4. Tizimlilik va izchillik
5. Mustahkamlilik
  • A) 2, 4
  • B) 2, 3
  • C) 1, 3
  • D) 3, 5
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: C) 1, 3
Izoh: 1. Ko‘rgazmalilik — mavzuni jadval, rasm, chizma va boshqa ko‘rgazmali vositalar yordamida tushuntirish. Bu vaziyatda pedagog rasmlar va jadvallardan foydalangan. 3. Onglilik va faollik — o‘quvchilarning darsda faol qatnashishi, mustaqil fikrlashi, savollarga javob berishi va xulosa chiqarishi. Boshqa tamoyillar izohi: 2. Nazariya va amaliyot birligi — nazariy bilimlarni hayotiy vaziyatlar va amaliy faoliyat bilan bog‘lash. 4. Tizimlilik va izchillik — bilimlarni oddiydan murakkabga, ma’lumdan noma’lumga qarab tartibli o‘rgatish. 5. Mustahkamlilik — olingan bilimlarni takrorlash, mashq qilish …
71-savol
O‘qituvchi matematika darsida kasrlar mavzusini boshlashdan oldin: «Bitta butun nonni to‘rt bolaga teng bo‘lib bersak, har biriga qancha tegadi?» — degan savolni qo‘ydi va yechim yo‘lini o‘quvchilarning o‘zlari topishini so‘radi.
O‘qituvchi didaktikaning qaysi tamoyiliga tayanmoqda?
  • A) Tushunarlilik va ilmiylik
  • B) Tizimlilik va mustahkamlik
  • C) Ko‘rgazmalilik va ilmiylik
  • D) Onglilik va faollik
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: D) Onglilik va faollik
Izoh: O‘qituvchi o‘quvchilarga tayyor javobni bermasdan, ularni mustaqil fikrlashga, izlanishga va yechim topishga undamoqda. O‘quvchilar savol ustida o‘ylaydi, o‘z bilimlarini ishga soladi va yangi tushunchani ongli ravishda o‘zlashtirishga harakat qiladi. Bu — onglilik va faollik tamoyili.
72-savol
«Tarbiyaviy faoliyatni tashkil etish» mehnat vazifasi uchun zarur bo‘lgan bilimlar majmuasini aniqlang.
  • A) O‘qitiladigan fan davlat ta’lim standartlari va asosiy umumta’lim dasturi, maqsadga erishish oldidan turli rejalarni tayyorlashning tuzilishi va tamoyillari.
  • B) O‘quvchining yosh xususiyatlari, shaxsning rivojlanishidagi qonuniyatlar, ijtimoiy tashkiliy qonuniyatlar va individual hayot trayektoriyasi ko‘rsatkichlari.
  • C) Ta’limning asosiy nazariyalari va samarali o‘qitish usullari hamda ularni o‘quvchining shaxsiy, yaxlit rivojlanishi bilan bog‘lash.
  • D) Ta’lim jarayonini tashkil etish va o‘qitish uchun sog‘liqni saqlovchi muhitni yaratish xususiyatlari, xizmat xavfsizligi va texnika xavfsizligi qoidalari.
✅ Javobni ko‘rish
To‘g‘ri javob: B
Izoh: Tarbiyaviy faoliyatni tashkil etishda pedagog o‘quvchining yosh va individual xususiyatlarini, shaxs rivojlanishining qonuniyatlarini hamda ijtimoiy muhitning ta’sirini bilishi zarur. Bu bilimlar o‘quvchiga uning yoshiga, ehtiyojlariga va rivojlanish darajasiga mos tarbiyaviy yondashuvni tanlash imkonini beradi.

O‘xshash maqolalar