O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi 638-son “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim berishga oid…
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi 638-son “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori inklyuziv ta’lim, ixtisoslashtirilgan maktablar, uyda yakka tartibda ta’lim va PTPK faoliyatini tartibga soluvchi asosiy hujjatlardan biri. Qaror Prezidentning 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4860-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Hujjat hajmi katta bo‘lgani uchun uni qismlarga bo‘lib, har bir nizomning asosiy qoidalarini alohida maqolada sodda tilda jamladik. Maqola oxirida qarorning to‘liq matnini yuklab olishingiz mumkin.
Qaror bilan tasdiqlangan 6 ta nizom
- 1-qism. umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’limni tashkil etish tartibi
- 2-qism. alohida ta’lim ehtiyojli bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari
- 3-qism. sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari
- 4-qism. bolalarga uyda yakka tartibda ta’lim berish tartibi (haftalik soatlar, hujjatlar, majburiyatlar)
- 5-qism. psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalar (PTPK) to‘g‘risidagi nizom
- 6-qism. ixtisoslashtirilgan maktablarda kasbga o‘qitish kurslari
Kimlar uchun muhim
- inklyuziv va korreksion sinflarda ishlaydigan o‘qituvchilar, maxsus pedagog va tyutorlar uchun;
- uyga borib dars beradigan o‘qituvchilar uchun;
- maktab direktorlari va o‘rinbosarlari uchun;
- alohida ehtiyojli farzandi bor ota-onalar uchun.
Qarordagi boshqa qoidalar
- Alohida ta’lim ehtiyojli bolalarning ta’lim olishi va kasb egallashiga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan; uning vazifasi — bolalarning ta’limga va kasbga jalb etilishini nazorat qilish, joylardagi ishlarni o‘rganish, ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash.
- Avvalgi tartibni belgilagan Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 13-sentabrdagi 256-son qarori va boshqa ayrim qarorlarning tegishli bandlari o‘z kuchini yo‘qotgan.
- Xalq ta’limi vazirligiga (hozirgi Ta’lim va ilm-fan vazirligi) idoraviy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirish topshirilgan.
| Hujjat | Vazirlar Mahkamasining qarori |
| Sana va raqam | 2021-yil 12-oktabr, 638-son |
| Kuchga kirgan | Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida 13.10.2021 da e’lon qilingan |
| O‘zgartishlar | VMning 2022-yildagi 363, 425 va 438-son qarorlari |