Umumtaʼlim maktablarida dars soatlarini taqsimlashda inson omilini kamaytirish va shaffoflikni taʼminlash maqsadida yangi elektron mexanizm joriy etilishi…
Umumtaʼlim maktablarida dars soatlarini taqsimlashda inson omilini kamaytirish va shaffoflikni taʼminlash maqsadida yangi elektron mexanizm joriy etilishi taklif qilinmoqda. Bu haqda Taʼlim va ilm-fan vazirligi xabar berdi.
Maʼlumki, hozirgi amaliyotda dars yuklamasi asosan maktab rahbariyati tomonidan taqsimlanadi. Bu jarayon ko‘pincha pedagoglar o‘rtasida norozilik va e’tirozlarga sabab bo‘ladi. Taklif etilayotgan tizim aynan shu muammoni hal qilishga qaratilgan.
Nimalar o‘zgarishi mumkin?
- Dars soatlari elektron platforma orqali avtomatik taqsimlanadi. Taqsimot qo‘lda emas, belgilangan mezonlar asosida tizim tomonidan amalga oshiriladi.
- Pedagoglarning diplomi, sertifikati va malaka toifasi hisobga olinadi. Ya’ni o‘qituvchining mutaxassisligi va malakasi yuklama berishda asosiy omil bo‘ladi.
- Taqsimotda tenglik va adolat mezonlari qo‘llaniladi. Soatlar pedagoglar o‘rtasida xolis taqsimlanishi ko‘zda tutilmoqda.
- Natijalar pedagogik kengashda ko‘rib chiqilib, elektron tasdiqlanadi.
- Murojaat va e’tirozlar elektron tartibda o‘rganiladi. Dars taqsimotiga rozi bo‘lmagan pedagog o‘z e’tirozini elektron shaklda yuborishi mumkin bo‘ladi.
Qachondan joriy etilishi mumkin?
Mazkur mexanizmni 2027–2028-o‘quv yilidan boshlab joriy etish taklif qilinmoqda. Demak, joriy 2026–2027-o‘quv yilida dars yuklamasi amaldagi tartibda taqsimlanadi.
Direktor jamg‘armasidan ustama belgilash ham takomillashtiriladi
Shuningdek, direktor jamg‘armasi hisobidan pedagoglarga ustama belgilash tartibini takomillashtirish masalasi ham muhokama qilinmoqda. Bunda ustamalarni belgilashda shaffoflik va xolislikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishi aytilmoqda.
O‘qituvchilar uchun bu nimani anglatadi?
Agar taklif qabul qilinsa, dars yuklamasi pedagogning hujjatlari — diplomi, sertifikati va toifasi asosida aniqlanadi. Shu sababli o‘qituvchilarga o‘z hujjatlarini tartibda saqlash, malaka toifasi va sertifikatlarini o‘z vaqtida yangilab borish tavsiya etiladi. Bu kelgusida yuklama taqsimotida muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.
Manba: t.me/eduuz