2031-yilgacha barcha maktablarda huquqiy savodxonlik dasturi joriy qilinadi

Xalq ta'limi / 16 noyabr, 00:43 · 109

Mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida 2031-yilga qadar huquqiy savodxonlik dasturi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.

2031-yilgacha barcha maktablarda huquqiy savodxonlik dasturi joriy qilinadi
Attestatsiya - Boshlang'ich ta'lim! 👉BOSING!👈 Attestatsiya - Boshlang'ich ta'lim! 👉BOSING!👈

Mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida 2031-yilga qadar huquqiy savodxonlik dasturi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi. Bu vazifa Prezidentning 10-noyabrdagi PF-242-son farmonida belgilab berildi.

Farmon bilan jami 7 ta milliy dastur hamda ularni 2027–2031-yillarda amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Ana shu milliy dasturning muhim yo‘nalishlaridan biri — huquqiy tarbiya va huquqiy savodxonlikni maktab partasidanoq tizimli ravishda shakllantirish.

Dekabrgacha qanday dastur tayyorlanadi?

Hujjatga muvofiq, 2026-yil dekabr oyigacha alohida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Unda quyidagilar ko‘zda tutilgan:

  • 1–11-sinflarda huquqiy targ‘ibot. Mavzular o‘quvchilarning yoshiga qarab bosqichma-bosqich beriladi: boshlang‘ich sinflarda — bola huquqlari, o‘zaro hurmat va kerak bo‘lganda yordam so‘rash; o‘rta sinflarda — zo‘ravonlikdan himoyalanish, mehnat va iste’molchi huquqlari; yuqori sinflarda — murojaat qilish huquqi, shartnomalar va mehnat munosabatlari.
  • Tarbiya faniga huquqiy mavzular kiritiladi. O‘qituvchilar uchun Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda metodik qo‘llanma yaratiladi va qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Darslar amaliyotga yo‘naltiriladi

Mashg‘ulotlar faqat nazariya bilan cheklanmaydi. O‘quvchilar vaziyatli masalalarni yechadi, huquqi buzilgan holatda kimga va qanday tartibda murojaat qilish kerakligini mashq qiladi.

Kimlar mas’ul?

Belgilangan vazifalar ijrosi uchun Ta’lim va ilm-fan vazirligi, Adliya vazirligi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Bola huquqlari bo‘yicha vakil (bolalar ombudsmani), Sudyalar oliy kengashi hamda Odil sudlov akademiyasi mas’ul etib belgilangan.

Manba: lex.uz

O‘xshash maqolalar