Ta’lim va ilm-fan vazirligi maktab o‘quvchilarining bilimini baholash va imtihon o‘tkazishning yangi tartibini ishlab chiqmoqda.
Ta’lim va ilm-fan vazirligi maktab o‘quvchilarining bilimini baholash va imtihon o‘tkazishning yangi tartibini ishlab chiqmoqda. Loyiha bo‘yicha jamoatchilik fikrini bilish uchun anonim so‘rovnoma ham boshlandi.
Taklifga ko‘ra, baholash bosqichma-bosqich — 4, 7, 9 va 11-sinflarda o‘tkaziladi.
Har bir sinfda nima o‘zgaradi?
4-sinf. O‘qish, matematika va tabiiy fanlardan diagnostik test o‘tkaziladi. Unga baho qo‘yilmaydi, natija keyingi sinfga o‘tishga ta’sir qilmaydi.
7-sinf. O‘quvchilarning kasbiy qiziqishlari va mantiqiy fikrlash darajasini aniqlovchi diagnostika o‘tkaziladi. Natijalar faqat tavsiya xarakterida bo‘ladi.
9-sinf. Asosiy davlat imtihoni joriy etiladi. Natija attestatga baho sifatida yoziladi va akademik litsey yoki texnikumga qabulda inobatga olinadi. Bunda o‘quvchining o‘z maktabida 10-sinfda o‘qishni davom ettirish huquqi saqlanib qoladi.
11-sinf. Yagona davlat imtihoni o‘tkaziladi. U ham maktabni tamomlash, ham oliy ta’lim muassasasi yoki texnikumga kirish uchun umumiy imtihon bo‘lishi rejalashtirilgan.
Qachondan joriy etilishi mumkin?
- Tajriba-sinov: 2027/2028-o‘quv yili yakunida Toshkent shahri va Navoiy viloyatida. Sinov natijalari o‘quvchilarning o‘qishga qabul qilinishiga ta’sir qilmaydi.
- Butun respublikada: 2028/2029-o‘quv yili yakunidan boshlab barcha hududlarda.
So‘rovnomada qatnashing
Yangi tartib bo‘yicha fikr va takliflaringizni vazirlikning anonim so‘rovnomasi orqali bildirishingiz mumkin: imtihon-sorovnoma.vercel.app
Manba: Ta’lim xabarlari