9-sinf uchun yakuniy imtihonni o'tkazish tartibi

1. Ona tili va adabiyot fanidan imtihon oʻtkazish tartibi.

9-sinfni tugatgan oʻquvchilar ona tili va adabiyot fanidan taʼlim dasturi boʻyicha standartlar asosida belgilangan kompetensiyalarga ega boʻladilar.
Oʻquvchilarning olgan bilim, koʻnikma va malakalarini aniqlash uchun 2023–2024-oʻquv yilida 9-sinflarda yakuniy imtihon yozma shaklda oʻtkaziladi.
Har bir imtihon biletining savol va topshiriqlari ona tili va adabiyot fani boʻyicha maktablarning 7-8-9-sinflari mavzularini qamrab olgan. Shuningdek, tavsiyada bilishga oid savollar, qoʻllashga va mulohazaga oid topshiriqlar boʻyicha baholash mezonlari keltirilgan.
Oʻquvchilarga taklif etilgan baza savollaridan tashkil topgan 2 ta bilet taqdim etiladi. Biletda oʻquvchiga 5 tadan (3 ta ona tili, 2 ta adabiyot) savol beriladi. Savollarning 2 tasi (1 ta ona tili, 1 ta adabiyot) bilishga, 2 tasi (1 ta ona tili, 1 ta adabiyot) qoʻllashga, 1 tasi (1 ta ona tili) mulohazaga oid boʻladi. Yozma savollarga javoblarni yozish uchun maktab tomonidan oldindan tayyorlab (maktab shtampi bosilgan) qoʻyilgan A4 formatdagi qogʻozlarga yozadilar. Bilet savollariga tayyorgarlik koʻrish va javob berishi uchun umumiy 120 daqiqa vaqt beriladi.


2. Davlat tili (taʼlim tili oʻzbek tili boʻlmagan sinflar uchun)dan imtihon oʻtkazish tartibi.

Taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning 9-sinf oʻquvchilariga imtihonda berilgan topshiriqlar boʻyicha 120 daqiqa vaqt beriladi.
9-sinflar uchun Yakuniy davlat attestatsiyasi materiallari tayyorlanish jarayonida oʻzbek tili fanidan 8-9-sinflarda oʻtilgan mavzular asos qilib olingan. Oʻquvchilarga taklif etilgan baza savollaridan tashkil topgan 2 ta bilet taqdim etiladi. Har bir bilet 3 ta savoldan iborat. Savollarning 1tasi oʻqish savodxonligi, 1tasi mulohaza qilish, 1tasi qoʻllashga oid. Savollarga javoblarni yozish uchun maktab tomonidan oldindan tayyorlab (maktab shtampi bosilgan) qoʻyilgan A4 formatdagi qogʻozlarga yozadilar.


3. Matematika fanidan imtihon oʻtkazish tartibi.

Oʻquvchilarning olgan bilim, koʻnikma va malakalarini aniqlash uchun 2023-2024-oʻquv yilida 9-sinflarda yakuniy imtihon yozma shaklda oʻtkaziladi. Har bir imtihon biletining savol va topshiriqlari matematika fani boʻyicha umumtaʼlim maktablarining 5-, 6-, 7-, 8-, 9-sinflari mavzularini qamrab olgan. Shuningdek, tavsiyada bilishga oid savollar, qoʻllashga va mulohazaga oid topshiriqlar boʻyicha baholash mezonlari keltirilgan.
Oʻquvchilarga taklif etilgan baza savollaridan tashkil topgan 2 ta bilet taqdim etiladi. Biletda oʻquvchiga 10 tadan (6 ta algebra, 4 ta geometriya) savol beriladi. Savollarning 3 tasi (2 ta algebra, 1 ta geometriya) bilishga, 5 tasi (3 ta algebra, 2 ta geometriya) qoʻllashga, 2 tasi (1 ta algebra, 1 ta geometriya) mulohazaga oid boʻladi. Savollarga javoblarni yozish uchun maktab tomonidan oldindan tayyorlab (maktab
shtampi bosilgan) qoʻyilgan A4 formatdagi qogʻozlarga yozadilar. Bilet savollariga javob berishi uchun umumiy 180 daqiqa vaqt beriladi.


4. Oʻzbekiston tarixi fanidan imtihon oʻtkazish tartibi.

Oʻquvchilarning olgan bilim, koʻnikma va malakalarini aniqlash uchun 2023-2024-oʻquv yilida 9-sinflarda yakuniy imtihon yozma va ogʻzaki shaklda oʻtkaziladi.
Har bir imtihon biletining savol va topshiriqlari Oʻzbekiston tarixi fani boʻyicha umumtaʼlim maktablarning 6-7-8-9-sinflar mavzularini qamrab olgan. Shuningdek, tavsiyada bilishga oid savollar, qoʻllashga va mulohazaga oid topshiriqlar boʻyicha baholash mezonlari keltirilgan.
Oʻquvchilarga taklif etilgan baza savollaridan tashkil topgan 2 ta bilet taqdim etiladi. Savollarning 2 tasi bilishga, 2 tasi qoʻllashga. Faqat mulohazaga oid savolga javob ogʻzaki topshiriladi. Ogʻzaki imtihon qismida 10 variant orasidan oʻquvchi bitta mulohazaga oid topshiriq tanlab oʻz variantida tushgan savol yuzasidan 10 daqiqa tayyorlanadi va 3 daqiqa gapiradi. Yozma savollarga javoblarni yozish uchun maktab tomonidan oldindan tayyorlab (maktab shtampi bosilgan) qoʻyilgan A4 formatdagi qogʻozlarga yozadilar. Oʻquvchi bilet savollariga javob berishi uchun jami 105 daqiqa vaqt beriladi.

5. Jismoniy tarbiya fanidan fanidan imtihon oʻtkazish tartibi.

Bunda imtihonlar oʻtkaziladigan kunlardagi dars soatlari maktab direktorining buyrugʻi bilan boshqa kunga koʻchirilgan holda oʻtkaziladi. Imtihon materiallari oʻquvchilarning jismoniy tayyorgarligini aniqlashga yoʻnaltirilgan meʼyorlardan tashkil topganini inobatga olib imtihon sanasigacha boʻlgan mavzularni qamrab oladi. Oʻquvchilarga taklif etilgan baza savollaridan tashkil topgan 1 ta oʻgʻil bolalarga, 1 ta qiz bolalarga bilet taqdim etiladi. Har biletda 3 tadan amaliy topshiriq boʻladi.

#imtihon #biletlar #yakuniyimtihon #attestatsiya