Ushbu maqola Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi 638-son qarori bo‘yicha turkumning 6-qismi.
Ushbu maqola Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi 638-son qarori bo‘yicha turkumning 6-qismi. Qarorning umumiy sharhi va to‘liq matnini yuklab olish — umumiy maqolada.
Qarorga 6-ilova alohida ta’lim ehtiyojli bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarida kasbga o‘qitish kurslarini tashkil etish tartibini belgilaydi. Maqsad — o‘quvchilarga maxsus va chuqur tayyorgarlik talab etmaydigan kasblarni o‘rgatish va ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish.
| Kimlar uchun | 10–11-sinf o‘quvchilari (yordamchi maktablarda 8–9-sinflar) |
| O‘qish muddati | 2 yil |
| Jami soat (10–11-sinflar) | 476 soat |
| Jami soat (yordamchi maktab 8–9-sinflari) | 816 soat |
| Ishlab chiqarish amaliyoti | har o‘quv yili yakunida 20 soat |
| O‘quv yili | 34 hafta; dars 45 daqiqa, tanaffus 5–10 daqiqa |
| Jihozlash | tuman (shahar) hokimligi hisobidan |
O‘quv jarayoni
- Kurslar umumta’lim dasturlari bilan bir vaqtda, maxsus dars jadvali asosida o‘tkaziladi.
- Mashg‘ulotlar har bir sinf uchun, kerak bo‘lsa o‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida tashkil etiladi; ikki va undan ortiq sinfni qo‘shib o‘qitishga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Amaliy mashg‘ulotlar hududdagi tashkilotlar bilan shartnoma asosida ham o‘tkazilishi mumkin.
- “Usta-shogird” an’analari va zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalaniladi.
Nazorat va sertifikat
- Joriy, oraliq va yakuniy nazorat o‘tkaziladi; yakuniy nazorat umumta’lim attestatsiyasidan kamida bir hafta oldin bo‘ladi.
- Kursni muvaffaqiyatli tugatganlarga mehnat qilish huquqini beruvchi davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
- Yakuniy nazoratdan o‘ta olmaganlar uchun har yili avgustda qayta nazorat tashkil etiladi; undan ham o‘tmaganlarga kasbiy ta’lim olgani haqida ma’lumotnoma beriladi.