Informatika fani o‘qituvchisi tahririyatga savol bilan murojaat qildi: “O‘quvchilar darsda umuman daftar tutmaydi, ‘daftarim uyda qolibdi’ kabi bahonalar…
Informatika fani o‘qituvchisi tahririyatga savol bilan murojaat qildi: “O‘quvchilar darsda umuman daftar tutmaydi, ‘daftarim uyda qolibdi’ kabi bahonalar topishadi. Bunday holatda o‘qituvchi aybdor hisoblanadimi? Unga qonunan jazo bormi va nima qilish kerak?”
Ota-onaning qonundagi majburiyatlari
“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 51-moddasida voyaga yetmagan ta’lim oluvchilarning ota-onasi va boshqa qonuniy vakillari zimmasidagi majburiyatlar belgilangan. Jumladan, ular:
- bolalarini insonparvarlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, ma’naviy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashi;
- bolalarining intellektual, ma’naviy va jismoniy rivojlanishi uchun sharoit yaratishi;
- ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart.
Ana shu majburiyatlar qonuniy vakillar o‘quvchining huquqqa xilof xatti-harakatlari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini anglatadi.
O‘qituvchining lavozim majburiyatlarida bunday talab yo‘q
Xalq ta’limi vazirligining (hozirgi Ta’lim va ilm-fan vazirligi) 2021-yil 1-iyuldagi 206-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan o‘qituvchilarning lavozim majburiyatlarida o‘quvchilarga daftar tuttirish majburiyati alohida qayd etilmagan. Shu sababli o‘quvchi daftar tutmagani uchun o‘qituvchini jazolashga asos yo‘q.
Ota-onaga qanday jarima qo‘llanishi mumkin?
Yurist fikricha, bunday holatda ota-onaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (voyaga yetmaganlarni tarbiyalash bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik) qo‘llanishi mumkin. 2026-yil 15-oktabrdan kuchga kirgan o‘zgarishlarga ko‘ra:
- birinchi marta — bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima;
- jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takror sodir etilsa — 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima.
O‘qituvchi nima qilishi mumkin?
Avvalo muammoni sinf rahbari orqali ota-onaga yetkazish, ular bilan suhbat o‘tkazish va holatni hujjatlashtirib borish maqsadga muvofiq. Takrorlanaversa, masala maktab rahbariyatiga ma’lum qilinadi va belgilangan tartibda chora ko‘riladi.
Manba: @Yurist_Xizmati