So‘nggi kunlarda o‘qituvchilardan “Metodbirlashma rahbari har chorak yakunida hisobot topshirishi kerakmi?” degan savollar ko‘p kelmoqda.
So‘nggi kunlarda o‘qituvchilardan “Metodbirlashma rahbari har chorak yakunida hisobot topshirishi kerakmi?” degan savollar ko‘p kelmoqda. Quyida bu masalani hujjatlarga tayangan holda sodda tushuntirib beramiz.
Metodbirlashma faoliyati qaysi hujjat bilan tartibga solinadi?
Metodbirlashmalar ishi o‘sha paytdagi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining (hozirgi Ta’lim va ilm-fan vazirligi) 2024-yil 5-yanvardagi “Umumta’lim muassasalarida uzluksiz metodik xizmat ko‘rsatish ishlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 8-son buyrug‘i asosida yuritiladi.
Qaysi hujjatlar yuritilishi shart?
Buyruqning 2-ilovasi 21-bandida metodbirlashma faoliyatiga oid hujjatlar ro‘yxati berilgan. Unga ko‘ra metodbirlashmada quyidagilar bo‘lishi lozim:
- tasdiqlangan yillik ish reja;
- yig‘ilish bayonnomalari;
- yillik hisobot.
Ro‘yxatda choraklik hisobot haqida hech narsa aytilmagan — faqat yillik hisobot ko‘rsatilgan.
Yillik hisobot qachon tayyorlanadi?
Nizomda yillik hisobot o‘quv yili oxiridami yoki kalendar yili oxiridami tuzilishi aniq yozilmagan. Biroq shu ilovaning 16-bandida “O‘quv yili oxirida Metodbirlashma faoliyatiga oid barcha hujjatlar direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan tahlil qilinadi” deb belgilangan.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, hisobot har chorakda emas, o‘quv yili yakunida yoziladi va direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosariga topshiriladi.
Eslatma: bu hujjat matniga asoslangan tushuntirish. Maktabingizda ichki tartib bilan qo‘shimcha talab qo‘yilgan bo‘lsa, uni rahbariyat bilan aniqlashtirib oling.