Germaniya ta'limida baholash tizimi qanday?

Agar siz oliy ta’limni Germaniyada o‘qishni istasangiz, ikki sababga ko‘ra nemis baholash tizimi haqida bilishingiz kerak. Birinchi sabab, O‘zbekistonda qo‘lga kiritgan sertifikatlar va baholaringizni Germaniya baholar tizimiga moslashtirib tarjima qilish uchun. Ikkinchi sabab, Germaniyada o‘qish paytida olingan baholarni tushunish uchun.

Germaniya umumiy o‘rta ta’limida asosan ikki xil baholash tizimi mavjud. 

Raqamli baholar shakli 1 (a’lo)dan 6 (qoniqarsiz)gacha. 

·        1.0         a’lo 

·        2.0        yaxshi

·        3.0        qoniqarli

·        4.0        yetarli

·        5.0        yetarli emas

·        6.0        qoniqarsiz

Ushbu tizim eng ko‘p qo‘llaniladi. U maktablarda 1-sinfdan 10-sinfgacha, shuningdek, kasb-hunar maktablari va oliy o‘quv yurtlarida, ayniqsa, aksar insitutlarda qo‘llaniladi. Agar baho to‘rtdan past bo‘lsa, imtihondan o‘tolmadi deb hisoblanadi. 

Balli baholash shakli 15 (juda yaxshi)dan 0 (qoniqarsiz)gacha

Gimnaziyaning yuqori bosqichida, 11–12-sinflarida, umumiy maktablarda (Gesamtschule) 10–13-sinflarida balli baholash tizimiga amal qiladi. Baholash tizimi 0 dan 15 gacha balldan iborat. Bu tizimning amal qilish sabablaridan biri u Abiturda ballarni hisoblashda qo‘llaniladi. Balli baholash imtihonlar natijalarini qo‘shib hisoblash orqali yakuniy baholarni oldindan taxmin qilishni osonlashtiradi.

Ballar jadvali quyidagicha: 

·        15     a’lodan ortiq

·        14     a’lo

·        12

·        11     yaxshi

·        09

·        08    qoniqarli

·        07

·        06

·        05     yetarli

·        04

·        03

·        02    yetarli emas

·        01

·        00   qoniqarsiz

Ushbu balli tizim universitetlarga hujjat topshirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, shuningdek, ballarni taxminiy baholarga aylantirish ham mumkin. 

Abitur bahosini aniqlash butun boshli hisoblash tizimi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yakuniy baho uchun bitiruv sinflaridagi to‘rtta maktab semestri davomida erishilgan barcha ko‘rsatkichlar – darslarda qatnashganlik, yozma ishlar, referat tarzidagi taqdimotlar, yakuniy nazorat ishlari va Abitur imtihonida (davlat bitiruv imtihonlariga deyish mumkin) erishilgan natijalarni qo‘shib hisoblash orqali aniqlanadi. Umumiy ballarni hisoblashda Abitur imtihoni ballari, albatta, vazni og‘irroq. Hisob-kitob oxirida jami ballar esa o‘rtacha bahoga aylantirilishi mumkin. Abitur uchun maksimal 900 ball (Abinote 1.0) va kamida 300 ball (Abinote 4.0) to‘plash zarur. Undan kam ballar yig‘gan o‘quvchi oliy ta’limda o‘qishga layoqatsiz hisoblanadi.  O‘rtacha ballni hisoblash juda murakkab bo‘lishi mumkin, chunki baholar turlicha tortiladi va ularni hisoblashda federal yerlar o‘rtasida ham farqlar mavjud. 

Shu o‘rinda Abitur haqida batafsilroq tushintirsak. Abitur – Germaniyada to‘liq umumiy o‘rta ma’lumotga egalikni bildirib, abiturga ega shaxs oliy ta’lim olishga layoqatli va haqli sanaladi. Abitur sertifikatini bizdagi yetuklik attesstatiga mos keladi deyish mumkin. Lekin O‘zbekistondan farqli ravishda, Germaniyadagi o‘quvchi Abitur olish uchun 10 yillik majburiy ta’limdan keyin 2 yil – 4 semestr davomida Abitur olish uchun o‘qiydi. 

Germaniya fuqarosi universitetga hujjat topshirishi uchun 900-300 gacha miqdordagi ballar kerak. Boshqa baholash tizimiga ega bo‘lgan chet ellik talabgorlar esa baholarini “tarjima qilish”lari zarur. Nostrifikatsiya uchun mavjud baholarning solishtirma jadvallarini odatda hujjat topshirmoqchi bo‘lgan universitet veb-saytida topish mumkin.

©️ Respublika ta'lim markazi Nemis tili fani metodisti Guliston Jo'rayeva