Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga sertifikat uchun ustama qanday to‘lanadi: yangi tartib

Xalq ta'limi / 23 noyabr, 09:24 · 20

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun alohida sertifikat joriy etilgani sababli, amaldagi 3515-sonli nizomga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga sertifikat uchun ustama qanday to‘lanadi: yangi tartib

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun alohida sertifikat joriy etilgani sababli, amaldagi 3515-sonli nizomga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Hujjat yaqin kunlarda tasdiqlanishi kutilmoqda. Yangi tartibda sertifikat uchun ustama quyidagi qoidalar asosida to‘lanadi.

1. 2026-yil oktyabrigacha olingan milliy sertifikatlar

Matematika, ona tili va boshqa fanlardan oktyabrgacha olingan milliy sertifikatlar bo‘yicha 50 foizlik ustama saqlanib qoladi. U sertifikatning amal qilish muddati tugaguncha to‘liq to‘lanadi va qaytarib olinmaydi.

2. 2026-yil oktyabridan keyin olingan milliy sertifikatlar

Oktyabrdan keyin olingan milliy sertifikat uchun boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiga ustama to‘lanmaydi. Endi bu o‘qituvchilar uchun maxsus boshlang‘ich sinf sertifikati bor, ular aynan shuni olishlari kerak. Oktyabrdan keyin milliy sertifikat olib kelib, “50 foizlik ustama olaman” degan talab inobatga olinmaydi.

3. Bir nechta sertifikat bo‘lsa

O‘qituvchida ham amaldagi milliy sertifikat, ham yangi boshlang‘ich sinf sertifikati bo‘lsa (uchtagacha), ustama dars soatlariga qarab taqsimlanadi:

  • milliy sertifikat bo‘yicha ustama olinayotgan soatlar uchun 50 foiz uning muddati tugaguncha to‘lanadi;
  • qolgan dars soatlari uchun boshlang‘ich sinf sertifikati asosida 20 foiz ustama beriladi.

Xulosa: oktyabrgacha olingan milliy sertifikat uchun ustama muddati tugaguncha to‘lanadi. Keyingi davrda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiga ustama faqat boshlang‘ich sinf sertifikati orqali beriladi. Yakuniy tartib nizomga kiritilgan o‘zgartirishlar rasman tasdiqlangach kuchga kiradi.

O‘xshash maqolalar