Takomillashtirilgan o‘zbek lotin alifbosi to‘g‘risidagi qonun 21-oktabr kuni imzolangan edi.
Takomillashtirilgan o‘zbek lotin alifbosi to‘g‘risidagi qonun 21-oktabr kuni imzolangan edi. Endi uni amalga oshirish bo‘yicha hukumat qarorining loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjatda ta’lim, raqamli tizimlar, shaxsiy hujjatlar va mahsulot qadoqlarini yangi alifboga o‘tkazish muddatlari belgilangan.
Maktab va darsliklar
- Amaldagi o‘zbek tilidagi darsliklar qayta ko‘rib chiqiladi, ularning oxirgi nashr yili va keyingi chop etilish muddati aniqlanadi.
- 1-sinf darsliklari va o‘quv-metodik majmualari 2027/2028-o‘quv yilidan yangi alifboga o‘tadi.
- Qolgan sinflar darsliklari 2027–2031-yillarda bosqichma-bosqich yangilanadi.
Pedagoglar malakasi
2027-yildan boshlab qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlariga yangi alifbo va imlo qoidalariga oid modullar kiritiladi. Bundan tashqari, seminarlar, qisqa muddatli kurslar, vebinarlar va metodik mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Maktabgacha ta’lim
Bolalarga yangi harflarni o‘rgatish uchun rasmli kitoblar, magnitli harflar, o‘yinchoqlar, audioertaklar va animatsion videolar tayyorlanadi.
Raqamli tizimlar va lug‘atlar
- Elektron jurnal, kundalik, ta’lim platformalari va axborot tizimlari yangi alifboga moslashtiriladi.
- Android, iOS, macOS va Windows uchun yagona klaviatura standarti ishlab chiqiladi; xalqaro sun’iy intellekt kompaniyalaridan yangi alifboni qo‘llab-quvvatlash so‘raladi.
- O‘zbek tilining 10 jildlik izohli lug‘ati tayyorlanib nashr etiladi, uning elektron varianti izohli.uz saytiga joylanadi. Soha terminologik lug‘atlari bepul taqdim etiladi.
Hujjatlar va qadoqlar uchun muddatlar
| Fuqarolarning ismlari | eski yoki yangi harflarda yozilgani uchun rad etilmaydi |
| Eski alifbodagi blankalar | 2028-yil 1-yanvargacha ishlatilishi mumkin |
| ID-karta, biometrik pasport, haydovchilik guvohnomasi, texpasport, kadastr hujjatlari | yangi alifboga o‘tkaziladi |
| Qadoq va yorliqlarda ikki alifbo parallel | 2027-yil 22-apreldan 2028-yil 22-aprelgacha |
| Yangi buyurtmalar faqat yangi alifboda | 2028-yil 22-apreldan |
| Eski qadoq qoldiqlari | 2029-yil 22-aprelgacha |
| Qonun kuchga kiradi | 2027-yil 22-aprel |
Ijro va moliyalashtirish
Davlat organlari bir oy ichida “yo‘l xaritalari”ni tayyorlaydi, ijro kamida oyiga bir marta ko‘rib chiqiladi. Xarajatlar 2027-yilda vazirliklar ajratmalari, 2028-yildan esa davlat budjeti hisobidan qoplanadi.