Maktab taʼlimida yod olishga yoʻnaltirish shu darajaga borib yetganki, ayrim holatlarda hattoki, “Tasviriy sanʼat” fanidan oʻqituvchilar ijodiy koʻnikmani baholash oʻrniga oʻquvchini darslikdagi matnlarni yodlashiga qarab baho qoʻyishiga guvoh boʻldik. Bu esa tugʻma ijodkorlik qobiliyatiga ega bolaning taʼlimga nisbatan salbiy munosabatini shakllantirib kelgan. “Tasviriy sanʼat” oʻquvchi uchun ijod qilib, hordiq oladigan fan boʻlishi zarur.
Milliy oʻquv dasturi doirasida taʼlim mazmuni “koʻnikma shakllantirish metodikasi”ga oʻtmoqda. Unga koʻra, endi har bir fandagi har bir soat natijasida oʻquvchida biror koʻnikma shakllanishi, rivojlanishi zarur.
Oʻquvchida koʻnikma shakllanishi kelajakda uning mehnat bozoridagi muvaffaqiyatini taʼminlaydi. Misol uchun, grafik dizayner mutaxassisi hozirgi mehnat bozorida eng talabgir 15 ta yoʻnalishdagi kasblarni egallashi mumkin. Birgina Upwork frilansing platformasida bu yoʻnalishda oʻn minglab boʻsh ish oʻrinlari (https://www.upwork.com/freelance-jobs/graphic-design/) mavjud. Bu yoʻnalishda soatiga 75 dollargacha pul topish mumkin.
Mehnat bozoridagi bu talabga yarasha endi “Tasviriy sanʼat” fanida oʻquvchilarga kompyuter grafikasida ishlash ham oʻrgatiladi.
“Oʻquvchilarga koinotni kompyuter grafikasida chizishni oʻrgatdim. Ularning fanga boʻlgan qiziqishlari yanada ortdi. Buning uchun darslik mualliflariga katta rahmat!” — deydi, ayni paytda tajriba-sinov ishlarida bu amaliyotni qoʻllab koʻrayotgan Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi 22-maktabning Tasviriy sanʼat fani oʻqituvchisi Rayhon Atamuradova.
Fandagi yangilik kelajakda shu jihati bilan farzandlarimizni hayotga tayyorlashiga ishonaman!
©️ Shuhrat Sattorov — Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi direktori