Yangi Fizika darsliklari bilan darslarni qanday tashkil qilish kerak?
👉ATTESTATSIYA TESTLARINI ISHLASH👈 👉ATTESTATSIYA TESTLARINI ISHLASH👈

Yangi avlod “Fizika” darsliklarini yaratishda asosiy urgʻu oʻquvchilarni oʻquv tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish, fanlararo integratsiyani taʼminlash, zamonaviy taʼlim texnologiyalarini qoʻllashga qaratildi. Bunda oʻquvchilarga oʻquv loyiha ishlari, amaliy va muammoli taʼlim texnologiyasi asosida beriladigan topshiriqlar berilishi rejalashtirildi. “Fizika” fanini oʻqitishda mavzular spiralsimon shaklda oʻqitiladi. Oʻquvchilar mavzularni soddadan murakkabga qarab oʻrganishadi. Oʻrganilayotgan nazariy bilimlardan oʻquvchi hayotiy faoliyatida qachon, qay holatda foydalanishi mumkin? Birinchi navbatda aynan shuni aniqlashtirib olish kerak. Yangi fizika darsliklarida beriladigan topshiriqlar oʻquvchilar olgan bilimlarini amaliyotda qoʻllay olishlariga yordam beradi. Buning uchun oʻquvchilarga qiziqarli, fanlararo bogʻliq topshiriqlar beriladi. Sinf xonasini kichik bir kashfiyotlar maydoniga aylantirish orqali oʻquvchilar ongida fizik bilimlarni butun umr saqlanib qolishiga erishish mumkin. Oʻquvchiga fanlarni oʻzaro bogʻlab oʻtilishi taʼlim jarayonini sifatli tashkil etishga yordam beradi. Shuning uchun ham yangi yaratilayotgan darsliklarda fanlararo integratsiyaga eʼtibor qaratildi. Fizika fani va boshqa fanlar oʻzaro bir butun taʼlim muhiti yaratilishiga xizmat qiladi. Muammoli taʼlim texnologiyasini qoʻllash oʻquvchilarni hamkorlikdagi taʼlimiy faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Yuqoridagi fikrlarga isbot sifatida bir misol keltirmoqchiman.

7-sinf darsligimizda “Issiqlik hodisalari” bo‘limida quyidagi topshiriq mavjud:

 “Azima o‘zini yomon his qilgani uchun onasi uning temperaturasini o‘lchadi va issig‘i balandligi uchun “Tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qildi. ”Tez yordam” punkti Azimalarning uyidan 18 km masofa uzoqda joylashgan edi. Shifokor kelgunicha onasi Azimaga iliq suv ichirdi. “Tez yordam” mashinasi 15 minutda yetib keldi va shifokor onasidan kelgunlaricha Azimaga nima ichirganligini so‘radi. Azimaning onasi iliq suv berganligini aytdi, shunda shifokor mamnun bo‘lgan holda – “birinchi tibbiy yordamni to‘g‘ri ko‘rsatibsiz” – dedi.

Matn asosida savollarga javob bering:

1. “Tez yordam” mashinasi qanday o‘rtacha tezlik bilan harakatlangan? 

2. Azimaning temperaturasini rasm asosida aniqlang. 

3. Qaynagan iliq suv qanday foyda bergan? 

4. Tibbiyot termometrining qanday turlari mavjud?

O'quvchilar bunga o'xshagan topshiriqlarni bajarishda qiziqish bildirishlari uchun, ulardan o'z hayotlarida termometrdan qachon va qanday foydalanganliklarini so'rashingiz, uydan maktabga qancha vaqtda yetib kelishlari, yetib kelish uchun qanday tezlikda harakatlanishlarini aniqlashni so'rang. Kitobda berilgan topshiriqlarga qo'shimcha o'zingiz ham aynan ularning hayoti bilan bog'liq kichik loyihalar bering.