1. Ushbu fanning 1- hamda 2-sinfidan uyga vazifalar olib tashlangani bois uy vazifalarini baholash bekor boʻlmoqda.
Tushuntirish: uyga vazifalarning olib tashlanishiga birinchi sabab ularning amalda samarasiz topshiriqqa aylangani boʻlsa, ikkinchidan darslardan charchab borgan quyi sinf oʻquvchilari uyda koʻproq dam olishlari lozim deb qaralmoqda. Samarasiz topshiriq deganda oʻquvchi bajarib kelgan uyga vazifalar yoʻl-yoʻlakay tekshirilayotgani yoki deyarli tekshirilmayotgani, oʻquvchi xato va yutuqlarini yetarli anglab olishi uchun vaqtning yetishmasligi nazarda tutilgan.
2. Choraklik baholarni kundalik olingan baholarga qarab qoʻyish amaliyoti bekor qilinmoqda.
Tushuntirish: endi kundalik yigʻilgan baholar choraklik bahoga taʼsir qilmaydi. Chunki kundalik baho rivojlantiruvchi ahamiyatga ega, choraklik baho esa erishilgan marrani tekshirish uchun xizmat qiladi. Bu ikki baholashni oʻzaro qorishtirish sifatga taʼsir qiladi.
3. Yillik bahoni choraklik baholar asosida qoʻyish amaliyoti bekor qilinmoqda.
Tushuntirish: yil oxirida oʻqituvchi oʻquvchilar uchun qoʻyilgan minimal talabga javob bera olishini tekshirish uchun imtihon oʻtkazishi lozim. Chunki har chorakdagi baho bu minimal talabni bajara olishi yoki olmasligini yaqqol koʻrsatib bera olmaydi.
4. Bahoga jazo yoki ragʻbat quroli emas, rivojlantirish vositasi sifatida qarash kerakligi tavsiya etilmoqda. Bolalarni baho bilan qoʻrqitishni bas qilish, ularga imkon qadar past baho qoʻymaslik, toki topshiriqni yaxshi bahoga bajarib kelmaguncha baholamay turish TAVSIYA etilmoqda.
5. Oʻquvchiga qoʻyilgan har bir bahoga izoh-mulohaza berish talab etilmoqda (izoh mulohazalarning turlari va namunasi videoda bor).
Tushuntirish: oʻquvchi olgan bahosining adolatli ekaniga ishonch hosil qilmas ekan taʼlimga nisbatan motivatsiyasi soʻnib boraveradi. Buni isbotlashining eng yaxshi usuli samarali yetkazilgan izoh mulohazadir. Oʻquvchi izoh-mulohaza orqali kamchilik va yutuqlarini yaqqol koʻra oladi. Keyinchalik qanday harakat qilishi kerakligi haqida xulosalar chiqarib oladi.
6. Oʻqituvchi bahoni oʻquvchi sinf bitiruvchisi uchun qoʻyilgan malaka talabni qanchalik yaxshi bajarayotganiga qarab qoʻyishi amaliyoti joriy qilinmoqda.
Tushuntirish: Milliy oʻquv dasturida malaka talablari qismi mavjud. Bu malaka talablari oʻqituvchi kitobida ham aks etgan. Oʻquvchilar ana shu malaka talablariga javob bera olishi kerak. Oʻqituvchi endilikda shuni baholaydi. Yaʼni oʻquvchining qoidani bilishi emas, oʻsha qoidadan xulosa chiqarib amalda qanchalik toʻgʻri foydalanishi inobatga olinadi.