#Savol
Men pedagog sifatida 7 yildan buyon o‘z faoliyatimni olib boraman. Hozirgi kunda bir o‘quvchining onasi Prezident portaliga meni ustimdan ariza yozgan. Arizada yozilishicha, men o‘quvchilarga ayricha munosabatda bo‘lar ekanman. Lekin buni isbotlab berolmadi. U ayol har kuni kelib meni 5 soatlab vaqtimni oladi. O‘quvchi esa maktabning ichki ro‘yxatida turadi. Hozirgi kunda ushbu ona meni ishdan bo‘shashimni talab qilyapti. Qachonki men ishdan bo‘shasamgina u portal bo‘yicha ishni yopar ekan. Bu vaziyatda nima qilsa bo‘ladi?
#Javob
Bu vaziyatda fuqaro daʼvo qilayotgan holat o‘z isbotini topmagan bo‘lsa va sizning bu borada hech qanday aybingiz bo‘lmasa unda bu fuqaroning o‘zi qonunni buzayotgan bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun bunday vaziyatlarda o‘quvchining onasi sizning kasbiy faoliyatingizga va taʼlim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri, xolis baholashingizga taʼsir ko‘rsatayotganligi uchun sudga murojaat qilishni maslahat beramiz.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197-5-moddasiga ko‘ra taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga taʼlim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga taʼsir ko‘rsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki taʼlim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.