Ma'lumki, joriy yilning 28-avgustida Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda kelgusida o‘qituvchilarning malakasi tabaqalashgan holda oshirilishi, bunda o‘qituvchining bilimi diagnostikadan o‘tkazilib, past natija ko‘rsatgan o‘qituvchilar an’anaviy usulda, yuqori natijaga erishganlari onlayn shaklda malaka oshirishi lozimligi aytilgan.
Ushbu videoselektor yig‘ilishida berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining tegishli buyrug'i bilan ayni damda o'qituvchilar diagnostikadan o'tkazilyapti.
Endi ko'pchilikda necha foizdan kam natija ko'rsatgan o'qituvchilar offlayn malaka oshiradi degan savol tug'ilmoqda.
Bu borada qanday ishlar ketayotganligini bilish uchun ayrim mas'ullar bilan bog'lanib ko'rdik. Shundan so'ng ma'lum bo'ldiki, hozircha diagnostika test natijalari foizlar misolida ko'rib chiqilmagan.
Ya'ni, kim offlayn, kim onlayn shaklda malaka oshiradi degan savolga hozircha aniq javob yo'q. Bu haqidagi batafsil bayonotlar diagnostika jarayonlari yakunlanib, uning natijalari to'liq tahlil qilingach, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan rasman ma'lum qilinadi.
Diagnostika jarayonlari yakunlanmay turib, natijalar bo'yicha amalga oshiriladigan ishlarni bayon qilish imkonsiz. Eslatib o'tamiz, maktab o‘qituvchilarini diagnostikadan o‘tkazish jarayonlari 15-dekabrda yakunlanadi.
@xalqtaliminfo