
Joriy yilning 4 - 15-dekabr kunlari maktablarda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalarini diagnostika testidan o‘tkazish rejalashtirilgan.
Xo'sh, test jarayonlari qay tartibda o'tkaziladi?
Diagnostika jarayoni test sinovi shaklida onlayn ravishda “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasi imkoniyatlaridan foydalangan holda tashkil etilib, unda o‘qituvchilar o‘zlari dars beradigan asosiy fan bo‘yicha test topshiradilar.
Diagnostika jarayonida har bir o‘qituvchiga har biri bitta savol va 4 ta muqobil javobdan iborat 50 ta test taqdim etiladi hamda ularga javob berish uchun 60 daqiqa vaqt beriladi.
Har bir test savoli uchun belgilangan birinchi javob hisobga olinadi va qayta o‘zgartirishga imkoniyat berilmaydi. Test sinovi yakunlangach o‘qituvchi kompyuter ekranida yoki telefonida natijalarini ko‘rishi mumkin bo‘ladi.
O'qituvchilar test topshirish uchun qayerga borishlari kerak bo'ladi?
Test topshirish uchun o'qituvchilar qayergadir borishlari shart emas. Ya'ni, oʻqituvchilarning diagnostika jarayonlarida oʻz ish joyidan onlayn ishtirok etishlari ta'minlanadi. Tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi boʻlimlari diagnostika (test sinovi) jarayonlarini shaffof va xolis oʻtkazilishini ta’minlaydi va zoom platformasi orqali nazorat qiladi.
Test sinovida ma'lum bir sabablarga ko'ra qatnasholmay qolgan o'qituvchilar nima qiladi?
Test sinovi jarayonida uzrli sabablarga ko‘ra ishtirok etmagan maktab o‘qituvchilari vazirlik ruxsati bilan alohida grafik asosida diagnostikadan o‘tkaziladi. Test sinovida uzrli sabablarsiz ishtirok etmaganlar diagnostikada nol ball olgan deb hisoblanadi.