Prezident farmoyishi (F–72-son, 16.11.2023-y.) bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi tasdiqlandi.
✅ Dasturga muvofiq:
✅maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Xalq Konstitutsiyasi”, “Konstitutsiya – baxtimiz qomusi”, “Konstitutsiya – kelajagim mash’ali” mavzularida rasmlar va insholar tanlovi o‘tkaziladi.
✅davlat tashkilotlarida “Mening Konstitutsiyam 31 yoshda” shiori ostida “Mening Konstitusiyam va davlat tilim” mavzusida ommaviy umumrespublika diktanti tashkil etiladi;
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi munosabati bilan Adliya vazirligi tomonidan “Konstitutsiya – huquqlarim poydevori” mavzusida insholar tanlovi tashkil etildi.
✅Tanlovda umumta'lim, kasb-hunar maktablari, akademik litsey va texnikum o'quvchilari ishtirok etishi mumkin.
Tanlovni o‘tkazish bosqichlari va shartlari
Tanlov quyidagi 3 bosqichda boʻlib oʻtadi:
1. Tuman bosqichi – 17–25-noyabr kunlari.
Bunda insholar har bir tuman(shahar)da maxsus telegram boti orqali qabul qilinadi. Maxsus botlar tuman adliya bo'limlari orqali e'lon qilinadi.
Nomzodlar insholarni adliya bo'limiga kelgan holda topshirishlari ham mumkin.
Shunga ko‘ra, insholar 3 ish kuni davomida baholanib, gʻolib ishtirokchilar (3 nafar) aniqlanadi hamda ularning insholari 29-noyabrgacha viloyat adliya boshqarmalariga yuboriladi.
2. Viloyat bosqichida har bir tuman (shahar)dan yuborilgan insholar hakamlar hayʼati tomonidan baholanib, natijalar joriy yil 1-dekabrgacha eʼlon qilinadi hamda har bir hududdan 3 nafar gʻolib navbatdagi bosqichga yoʻllanma oladi.
3. Respublika bosqichi 4-dekabr kuni soat 15:00 da boshlanadi.
Bunda nomzodlar adliya boshqarmalaridan videokonferensaloqa orqali ishtirok etadi. Mazkur bosqichda ishtirokchilarga insho mavzusi oʻsha vaqtda eʼlon qilinadi.
Eslatma! Tanlovga topshirilgan insholar mavzu va texnik talablarga muvofiq, koʻchirilmagan boʻlishi, 500 ta soʻzdan ortiq boʻlmasligi lozim. Insho qoʻlda yoki kompyuterda yozilishi mumkin.
Insholarni baholashda mazmundorlik va mavzuga yondashishda mustaqil fikrning ustunligi, mavzuni yoritishdagi oʻziga xoslik, badiiy ifodaviylik, imloviy-uslubiy xatolardan xoliligi inobatga olinadi.