Pedagog xodimlardan 2020 yilga qadar o‘zaro dars kuzatish daftari talab qilingan. 2020 yilga kelib o‘qituvchilar juda ko‘p qog‘ozbozliklardan ozod qilindi. Shu qatori o‘zaro dars kuzatish daftarini o‘qituvchidan talab qilish tartibi ham bekor qilingan.
Adliya vazirligidan 2020 yil 29 iyunda 3058-1 son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ga muvofiq o‘zaro dars kuzatish daftarini yuritish tartibi chiqarib tashlangan.
Ya’ni, ushbu yo‘riqnomaga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilarining dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo‘yicha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish qat’iyan taqiqlangan.
O‘zaro dars kuzatish va tahlil qilish o‘qituvchining o‘quv-tarbiya jarayonining metodik ta’minoti va tashkiliy-pedagogik jarayonga oid tadbirlar qatoriga kirib, mazkur belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan pedagog xodimlardan hisobot talab qilinmaydi hamda tadbirlarni amalga oshirishning vaqt bo‘yicha hisobi yuritilmaydi.
Shunday ekan pedagog xodimlardan o‘zaro dars kuzatish daftarini hisobot shaklida talab qilish mutlaqo noto‘g‘ri.
To‘g‘ri, o‘qituvchi dars tahlil qilishi haqida ularning lavozim majburiyatlarida qayd etilgan. Bir narsani to‘g‘ri talqin qilish lozim. Ya’ni, darslarni tahlil qilish o‘qituvchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladigan jarayon hisoblanib, buning uchun ulardan hisobot talab qilish noto‘g‘ri bo‘ladi.