1-oktyabr — Ustoz va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan she’rlar

1-oktyabr — Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan taniqli va el suygan shoirlarning ushbu mavzudagi ijod namunalarini jamladik.

Muallim

Muallim haqida so‘zim ushbudir:
Muallim kamolot ichra ko‘zgudir.
O‘qidim Gerodot, tarixni ko‘p bor,
Forobiy, Danteni takror va takror.

Barini o‘qidim, lol qoldi aqlim,
Bariga ustozsan o‘zing, muallim.
Alisher qalbiga solgan sehr-fayz
Sensan,ey muallim, ustoz Abul-Lays.

Qutlug‘ xonadonda qutlug‘ kalom bu,
Hamid Olimjon bu, G‘afur G‘ulom bu.
Buyuk Temur sendan topgandir ta’lim,
Sen shundoq, aziz zot, aziz muallim.

Rost aytsam, o‘zingsan eng avval daho,
Sen hayot ganjida durri bebaho.
Ulug‘ ayyomingda she’riy kalom bu,
Shogirdlar nomidan qutlug‘ salom bu.

Abdulla Oripov

 

Oddiy muallim

Qadri bilinadi endi menga goh,
Olis maktabimni, o‘sha behasham.
Navoiyku bizga ustozdir, biroq,
Kimdir o‘qitganku Navoiyni ham.
Shunday ulug‘ zotga harf o‘rgatgan kim?-
Oddiy muallimda, oddiy muallim.

Tuproqdek xokisor,bezovtv jonlar,
Ammo qanoatda tog‘dek ulug‘vor.
Hatto Temurdayin sohibqironlar,
Pirim,deb etagin tutgan zotlar bor.
Qaysar jahongirga yo‘l ko‘rsatgan kim?-
Oddiy muallimda,oddiy muallim.

Yo‘qdan Beruniylar binolar etgan,
Mashrabni mashhuri dunyolar etgan,
Husaynni ibn Sinolar etgan,
Abdulloning tilin burrolar etgan,
Ilon o‘ynatgandek so‘z o‘ynatgan kim?-
Oddiy muallimda, oddiy muallim.

Ammo hayotning nish-sanchiqlaridan
Qoqinsa ko‘targan qo‘ltiqlaridan.
Otadek kuyungan g‘ussaga botsa,
Boladek quvongan yutuqlaridan.
Uyquda shogirdin o‘ylab yotgan kim?-
Oddiy muallimda, oddiy muallim.

Ulfat ko‘pu ammo bir do‘sti hamroh,
Halim topolmadim undan halimroq.
Qancha ustoz ko‘rdim, qancha oliygoh,
Olim topolmadim, undan olimroq.
Bola yuragimda bebaho tilsim,
Oddiy muallimda, oddiy muallim.

Yuzga kiraman men Xudo xohlasa,
Yuz yildan keyin bir mo‘min o‘rtog‘im
Ko‘zlarimni yopsa, jag‘im bog‘lasa,
Faqat bir insondan bo‘ladi qarzim-
Oddiy muallimdan, oddiy muallim!

Muhammad Yusuf

 

 

Darsdan so‘ng

Kimnidir koyidi chekkani uchun.
Tortib olib qo‘ydi gugurtini ham.
Mashq daftarlarini yig‘di-da, so‘ngra
Bir-bir sanab ko‘rdi. Yetti daftar kam.
«Har gal shunday ahvol. Uyalmaysizmi?
Kelasiz o‘qishmas, qilish uchun sayr.
Bu safar ham ikki qo‘ymay turaman,
Ertaga qolganlar topshirsinlar. Xayr».
Qish kuni — bir tutam. Qoraygandi qosh.
Ikkilandi. O‘tmak kerak, axir, qirdan.
Eri ham kelmadi olib ketishga
«Ko‘ngli sovidimi…» — vahm etdi birdan.
Hamkasb dugonasi qistovga tutib,
«Tunab keting, — dedi . — Kech bo‘lib qoldi»
Ko‘nmadi. Qo‘ltiqlab mashq daftarlarni
Uyga yolg‘iz o‘zi yayov yo‘l oldi.
Ovul tugab, endi qirga chiqqanda
Oqshom quyuq edi, atrof sim-siyoh.
Yo‘ldan qaytmoqchi ham bo‘ldi bir o‘yi.
«O‘g‘lim xastalanib qoldimikan yo…»
Yuragini battar vahima bosdi,
Qamradi tundan ham battar bir qo‘rquv.
O‘nqirmi, cho‘nqirmi, o‘rmi, qir demay
Yana ketaverdi, ketaverdi u.
Mudhish bir sharpani ilg‘adi nogoh,
Razm solsa qashqir. Qilardi ta’qib,
Esladi yirtqichning qo‘rqishin o‘tdan,
Iziga bir daftar tashladi yoqib.
Qashqir to‘xtab qoldi. So‘ng — yana, yana,
Muallima omon topgan bu olov
Yirtqichga berardi ilojsiz sabr.
Yo‘lovchi — yoqardi, qashqir — to‘xtardi,
Tin olardi ikkov har daftarda bir.
Yo‘l uzoq, tun qaro, qashqir esa och,
Och yirtqich bilarmi nadir sadoqat.
Uyga yaqin qolgan vaqtda tugadi
Muallimda daftar, qashqirda — toqat.
Uvvos fig‘on tutdi qishloqni tongda,
Zamin aza ochdi, zamon yig‘ladi.
Daftar topshirmagan yetti o‘quvchi
Hammadan ham yomon yig‘ladi.
No‘noq nazmim uchun afv et, xalqim,
Na olim, na fozil, na so‘z piriman.
O‘z vaqtida daftar topshira olmay
Qolgan bolalarning biriman.
Men yaxshi bilaman, tumor qilmaydi
Yozgan she’rlarimni oshiqlar.
Men yaxshi bilaman, qo‘shiqlarim jo‘n,
Bilaman, bular bir oddiy mashqlar.
Lekin… ketmakdasan kelajak sari
Tap tortmay qismatning dasht, qirlaridan.
O‘zimcha asragim keladi seni
Yovuzlik, xiyonat qashqirlaridan.
Men mashq bajaraman, yozaman har kun
Daraklar, so‘roqlar, xitoblarimni.
… Sen yo‘l bo‘yi yoqib tashlab ketaver
Qashqirlar qo‘rqquvchi kitoblarimni…

Matnazar Abdulhakim

 

 

TO‘G‘RI CHIZIQ

Birinchi o‘qituvchim
Dilbaroy OXUNOVAga

Bolalikni qo‘msab kezaman tunda,
Yulduzlar nuriga belanar xayol.
Kulib kelaverar qarshimdan shunda
Munavvar bir ayol, dilbar bir ayol.

U – Siz…
Xotiralar asta jonlanar:
Sinf. Bo‘yoq hidi. O‘ttiz polapon.
Bu – men. Mehribon qo‘l boshimni silar:
“Chiziqdan chiqmasdan yozing, Iqboljon!”

Opa, xotiradir u kunlar, opa,
Opa, u kunlarga bugun intiqman.
Bugun xatolarim qilmasmi xafa,
Chiqib ketmadimmi to‘g‘ri chiziqdan?!

Opa, qoliplardan zerikkanman xo‘b,
Daftar chizig‘ining yo‘rig‘i boshqa.
Opa, bu dunyoning chiziqlari ko‘p,
Lekin hammasi ham eltmas Quyoshga.

Mehringiz sog‘inib kezaman tunda,
Chiroqlar nuriga belanar xayol.
Kulib kelaverar qarshimdan shunda
Munavvar bir ayol, dilbar bir ayol.

U – Siz…
Eski surat asta jonlanar:
Sinf. Kitob hidi. O‘ttiz polapon.
Bu – men. Mehribon qo‘l boshimni silar:
“Chiziqdan chiqmasdan yozing, Iqboljon!”

Iqbol Mirzo

 

Ustoz bo‘lmasa

Jahon obodligi ustoz bilandir,
Dilda qaror bo‘lmas, ustoz bo‘lmasa.
Kamolot, kushufot ustoz bilandir,
Ishda baror bo‘lmas, ustoz bo‘lmasa.

Yo‘qdan olim bo‘ldi otamiz Odam,
Haqdan ta’lim oldi Sarvari olam,
Sabab olaminda bul kuni bekam
Ilmu anvor bo‘lmas, ustoz bo‘lmasa.

Har yo‘l, har sohaning bir piri bo‘lur,
Ehtirom dil ahlin tadbiri bo‘lur,
Har ishda ustozning bir siri bo‘lur,
Kashfi asror bo‘lmas, ustoz bo‘lmasa.

Hikmat ko‘p ilmu fan, kasbu korida,
Dehqon ketmonida, dorboz dorida,
Oshpazning bir siri – garmdorida,
Shogird hushyor bo‘lmas, ustoz bo‘lmasa.

Ustoz qadrin bilur har qalbi salim,
Hayot darslaridan bergaydir ta’lim,
Dillar ardog‘ida – aziz muallim,
Kimsa sardor bo‘lmas, ustoz bo‘lmasa.

Ma’rifat, iqtisod, san’at turlari,
Osmon eshiklari, yer unsurlari,
Ustoz-la ochilgay Qur’on sirlari,
Hadis oshkor bo‘lmas, ustoz bo‘lmasa.

Pushtli, ustozlidir har bir siniqchi,
Beustoz muhandis – oddiy chiziqchi,
Ustozsiz ochilmas hatto qiziqchi,
Suxan tagdor bo‘lmas, ustoz bo‘lmasa.

O‘zi o‘sgan daraxt meva bermagay,
Surchi o‘z to‘yida surnay chalmagay,
Sartarosh o‘z sochin o‘zi qirmagay,
Usta sarkor bo‘lmas, ustoz bo‘lmasa.

Ustoz ko‘rgan zotlar ishga omildir,
Zakovat ahliga bu so‘z shomildir,
Ustozning avlosi piri komildir,
Dilda bahor bo‘lmas, ustoz bo‘lmasa.

Mirzo, har ko‘ngilda niyat bor bo‘lsin,
Vatan obod, el ham baxtiyor bo‘lsin,
Pokdil ustozlarga Tangri yor bo‘lsin,
Hayot gulzor bo‘lmas, ustoz bo‘lmasa.

Mirzo Kenjabek

 

Ustozlik haqida

Baxtingdir ustozning qo‘lini olsang,
Lekin, ustozni ham tanlab ololsang.
Ustozning qimmati menimcha shulkim –
Uzoqmi-yaqinmi uni tuyolsang.

Mayliga, orangiz bo‘lsa-yu yiroq,
U senga har kuni bermasa saboq,
Lekin, uning ismin eshitganing choq,
Yurakda orziqish his eta olsang.

Garchi oylab, yillab seni ko‘rmasin,
Peshonangni silab, holing so‘rmasin,
Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, tergab turmasin –
Bas, uning nigohin sezib turolsang.

Ustoz deyilganda nima ko‘rinar?
Mukammal insonu mukammal hunar.
Unga, hunariga duch kelganda gar,
O‘zing hunaringdan bir oz uyolsang.

Ustozlar turlidir – ro‘yi, shaxsiyat:
Kimda shakl bor-u, kimda mohiyat.
Senga niyat bo‘lsa undagi niyat,
Ustozga munosib shogird bo‘lolsang…

Mashrab Boboyev

 

Ustoz

Mundoq o‘ylab qarasam,
Sizga bitmabman hech she’r.
Qalam haqqiga qasam,
Sizsiz zabun edi Yer.
Ne bo‘lg‘ay holi, ma’lum,
Xatsiz yo‘li xatodir.
Dunyoda ilk muallim,
Shaksiz, Odam Atodir.
Ko‘kdan imon gavhari
Zaminga tushmish bot-bot.
Payg‘ambarlarning bari
Edi hazrati Ustod.
“O‘qi!” deya avomga
Ulashmish inju sirlar.
Yo‘llab buyuk dovonga,
Shamchirog‘ tutmish pirlar.
Borliq – zulmat, qorong‘u,
Chimmatga cho‘mgan chog‘da.
Yonib yulduz qarog‘i –
Go‘yo cho‘g‘day o‘chog‘da…
Olamga mayoq bo‘lib,
Lovullab porlagansiz.
Ko‘z, qo‘lu oyoq bo‘lib,
Nur sari chorlagansiz.
Siz – Beruniy,
Siz – Sino,
Siz – Farobiy, Ulug‘bek.
Oq qog‘ozdek pok siymo,
Sehringizga yo‘qdir chek.
Yanchib Haqqa yot ishni,
Olamga solmish suron –
Poyingizda yotishni
Baxt bilmish Sohibqiron!
Hali-hanuz bu – ibrat,
Abadiy tuzuk kabi.
Baxsh etar g‘urur, hikmat –
Temurbeklar maktabi.
Men ham – bir ilmi tolib,
Hali chala darsim ko‘p.
Qanday ketayin tonib,
Oldingizda qarzim ko‘p.
Garchi “Qo‘ygil, bu ne gap,
Egma boshing hech…” deysiz.
Xom, g‘o‘r she’rlarim tinglab,
Balli, bahong “besh”, deysiz.
Mashqim o‘zimga ma’lum,
Tansiqdir toza tashbeh.
Mehri daryo muallim,
Chalg‘isam, bering tanbeh.
Yengingizga yuqqan oq –
Bo‘rmas, ko‘nglingiz yuqi.
Zimmangizda ulkan tog‘ –
Yorug‘ kelajak yuki.
Men ham siz-la yonma-yon
Shu yukni ko‘tarsaydim.
Oldda – buyuk imtihon,
O, undan o‘tolsaydim!
Balki shunda salgina
Bo‘lgaymi yuzim yorug‘.
O‘zimdan qilmay gina,
Olsam maqtovli yorlig‘…
Siz-chi, kutmaysiz olqish,
Sizga ilinj, tama’ yot.
O‘qib-yozib toliqish –
Sizga kundalik hayot.
Dasta-dasta daftarga
Sochasiz ko‘z nurini,
Sinf-sinf saflarga
Sarf etib bor umrni…
Shogirdlar qalbiga, oh,
Sekin singib boryapsiz.
Iqbolidan shodon, goh
Jim xo‘rsinib boryapsiz.
Tolmang!
Fidoyi Ustoz,
Sizga tirgak shu Vatan.
Qancha ta’zim qilsak – oz,
Qancha alqasak-da kam.
Garchi ko‘nglimda so‘z mo‘l,
Garchi bitmas hech ta’rif.
Lekin boshqalar ham qo‘l
Silkiyapti ko‘tarib…
Dunyo – keng saboqxona,
Dunyo – rang-barang maktab.
Qutlarkan, shu bahona
Yurtimni qo‘yay maqtab.
Tasdiqlaydi to‘rt tomon,
Darsi olamga yoddir:
Donishmand O‘zbekiston –
Ma’rifatda Ustoddir!

Nodir Jonuzoq