“Yil oʻqituvchisi” tanlovining ikkinchi bosqichini baholashda nimalarga eʼtibor qaratiladi?

Maktab oʻqituvchilari oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Yil oʻqituvchisi” tanlovining ikkinchi bosqichida qatnashyapman. Mazkur sinov jarayonlarini baholashda nimalarga eʼtibor qaratiladi?

✅ Maktabgacha va maktab taʻlimi vazirining 2026-yil 4-fevraldagi tegishli buyrugʻi bilan “Yil oʻqituvchisi” tanlovining ikkinchi bosqichi baholash mezonlari tasdiqlandi.

 

Unga koʻra, jarayonlar 10 ta mezon asosida hamda ularning har biri Hakamlar hayʼati tomonidan 6 balldan (maksimal 60 ball), pedagoglarning ovoz berish yoʻli orqali 4 balldan (maksimal 40 ball) baholanadi (jami: maksimal 100 ball).

Baholash mezonlari quyidagilardan iborat:

➖ Dars maqsadlarining toʻgʻri qoʻyilishi va ularga erishilganligi;

 

➖ Dars tuzilishi, izchilligi va vaqtning toʻgʻri taqsimlanganligi;

➖ Oʻquv-metodik taʼminot, AKT va interaktiv vositalardan foydalanilganligi;

 

➖ Zamonaviy pedagogik usullar va noanʼanaviy yondashuvlar (5E, 3S+1E, inquiry-based, problem-based, project-based, shaxsga yoʻnaltirilgan taʼlim) dars mavzusi, maqsadlari, oʻquvchilar auditoriyasiga mos va samarali tarzda qoʻllanilganligi;

➖ Mavzuni tushunarli, mantiqiy va ravon bayon etilganligi;

➖ Misollar keltirish, real hayot bilan bogʻlash va amaliy faoliyatni namoyon etilganligi;

➖ Oʻquvchilar faolligini boshqarish, diqqatini jalb qilish  va teng imkoniyatlarni taʼminlash;

 

➖ Tanqidiy va tahliliy fikrlashni rivojlantirish;

➖ Oʻquv muhitini xavfsiz va ijobiy ruhda tashkil etish, tarbiyaviy komponentlarning mavzu mazmuniga singdirilganligi;

➖ Baholash usullaridan foydalanish va doimiy konstruktiv qayta aloqani
(feedback) taʼminlanganligi.

 

Maʼlumot uchun: “Yil oʻqituvchisi” tanlovi Tashkiliy qoʻmitasining qaroriga asosan, tanlovning ikkinchi bosqichi joriy yilning 10-fevral kuni belgilangan umumtaʼlim maktablarida boshlanishi rejalashtirilgan.