Mehnat kodeksining 249-moddasi 4-qismiga asosan xodimlar mehnatiga vaqtbay, ishbay yoki mehnatga haq toʻlash tizimida nazarda tutilgan boshqa mezonlarga koʻra haq toʻlanadi.
Mehnatga haq toʻlashning vaqtbay tizimida qoʻshimcha dam olish kunlari hisobiga oylik ish haqlari kamaymaydi. Masalan, shifokor yoki oʻqituvchi 1 oy davomida 22 ish kuni ishlaydimi yoki 20 ish kuni ishlaydimi oylik ish haqi kamaymaydi.
Mehnatga haq toʻlashning ishbay tizimida esa qoʻshimcha dam olish kunlari hisobiga oylik ish haqlari kamayishi mumkin. Chunki bunda xodimlarga ishlab berish normalaridan (vaqt normalaridan) kelib chiqqan holda haq toʻlanadi. Ishbay tizimda ishlab chiqarilgan mahsulot birliklari soniga yoki bajarilgan ish hajmiga, ularning sifati, ishlab chiqarilgan mahsulotning yaroqli yoki yaroqsizligga qarab haq toʻlanadi.
MK 277-moddasiga koʻra, mehnatga haq toʻlashning ishbay tizimida narxlar belgilangan ish razryadlaridan, mehnatga haq toʻlash razryadlaridan, tarif stavkalaridan (maoshlardan) va ishlab berish normalaridan (vaqt normalaridan) kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Ishbay narx bajariladigan ishning razryadiga muvofiq boʻlgan kunbay tarif stavkasini yoki soatbay tarif stavkasini kunbay yoki soatbay ishlab berish normasiga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi. Ishbay narx bajariladigan ishning razryadiga muvofiq boʻlgan kunbay tarif stavkasini yoxud soatbay tarif stavkasini belgilangan kunbay yoki soatbay vaqt normasiga koʻpaytirish yoʻli bilan ham aniqlanishi mumkin.
Kunbay tarif stavkasi (maosh) yoki soatbay tarif stavkasi mehnatga haq toʻlashning razryadiga muvofiq boʻlgan oylik tarif stavkasini yoki lavozim maoshini ish kunlarining yoxud ish soatlarining oylik normasiga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
Masalan, savdo sohasida ish haqi savdo hajmiga yoki xizmat koʻrsatilayotgan mijozlar soniga bogʻliq boʻladi, hamda sotuvchilar uchun mehnatga haq toʻlashning ishbay tizimidan foydalaniladi. Ushbu toʻlov tizimi ijodiy kasbdagi ishchilar – jurnalistlar, muharrirlar, yozuvchilar va boshqalar uchun ham keng qoʻllaniladi. Ularning ish haqi yaratilgan mahsulot miqdoriga bogʻliq boʻladi.