
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2023-yil 28-dekabrdagi 577-sonli buyrugʻida pedagog xodimlarni diagnostika testlariga jalb qilish bilan bogʻliq masala tartibga solingan.
Unga koʻra, diagnostika testlaridan oʻta olmagan oʻqituvchilar faqat malaka oshirishga yuborilishi, bunda past ball olganlar ishlab chiqarishdan ajralgan holda malaka oshirishi, yuqori ball olganlar esa ishlab chiqarishdan ajralmagan holda (masovafiy) malaka oshirishi nazarda tutilgan.
Hozirgi kunga kelib bu hujjat mohiyatdan ahamiyatini yoʻqotgan.
Bunga sabab, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-dekabrdagi 867-sonli “Maktabgacha va maktab taʼlimi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan pedagog xodimlar har besh yil majburiy malaka oshirishi va faqat oflayn malaka oshirishi nazarda tutilgan.
Shunga asoslanib, darslar “Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom asosida tarifikatsiya qilib berilgan va sinf rahbarlik Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2023-yil 27-iyundagi 190-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan umumiy oʻrta taʼlim muassasasi sinf rahbarining yoʻriqnomasi asosida beriktirilgan boʻlsa, oʻqituvchining diagnostika testlaridan kam ball olishi ularni qisqartirishga sabab boʻlmaydi.
Shunday ekan, oʻqituvchining diagnostika testlaridan oʻta olmasligi unga berilgan dars soatlari yoki sinf rahbarlikni cheklashga, qisqartirishga yoxud olib qoʻyishga asos boʻlmaydi.