Bugun maktabgacha, umumtaʻlim va maktabdan tashqari taʻlim muassasalari pedagoglari uchun malaka toifa sinovlari boshlandi. Unda 150 mingdan ortiq hamkasblar ishtirok etishi rejalashtirilgan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur toifa sinovlarida 136 ming pedagog navbatdan tashqari qatnashish istagini bildirgan. Shu munosabat bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova toifa sinovlari bo’yicha pedagoglarga murojaat bilan chiqdi.
“O‘tgan malaka sinovlarida yetarli natijaga ko‘rsata olmagan pedagoglarimiz yana o‘z ustilarida ishlab, bu galgi test savollariga puxta tayyorgarlik ko‘rganlariga ishonaman. Chunki kerakli toifaga ega bo‘lish uchun bilim va mahoratdan boshqa yo‘l yo‘qligini hamma ko‘rdi, bildi.
9-25-oktabr kunlari pedagoglarimiz test sinovlari topshiriladigan maxsus platformadan foydalanish tartibi hamda namunaviy test savollari bilan atroflicha tanishdilar. Bu ham ularning yaxshi natijalar ko‘rsatishlariga yordam beradi albatta”,— deyiladi vazir murojaatida.