Assalomu alaykum. Men davlat tashkilotida ishlayman, buxgalterimiz qasddan oyligimni kam chiqaradi, bu hol yaqin ikki yilda kamida 6 marta sodir bo'ldi, keyinchalik janjallashib chiqarib olaman qolgan pullarimni 2 yo 3 oydan keyin. Bugalterni shu ishini isbotlab chora ko'ruvchi organlar bormi?
YURIST JAVOBI:
Mehnat kodeksi 244-moddasida ish beruvchi o‘z moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlariga muvofiq xodimlar tomonidan bajarilgan ish uchun haq to‘lashni amalga oshirish majburiyati mustahkamlangan.
✅ Mana shu qoidaga ko‘ra sizga mehnat shartnomasida va boshqa lokal normativ hujjatlarda (lavozim yo‘riqnomasi, ichki mehnat tartib qoidalari) belgilangan mehnat majburiyatlaringizni bajarganligingiz uchun ish haqi to‘lanishi lozim.
Mehnat kodeksi 248-moddasida ish haqi asosiy (bazaviy) va qo‘shimcha (o‘zgaruvchan) qismlardan iborat ekanligi qayd etilgan.
Bunda ish haqining qo‘shimcha (o‘zgaruvchan) qismini qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar, shuningdek mukofotlar va kompensatsiya yoki rag‘batlantirish xususiyatiga ega boshqa to‘lovlar tashkil etadi.
MK 319-moddasiga binoan ish beruvchi xodimga ish haqi to‘lash va unga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlar kechiktirilganda unga yetkazilgan ziyonni qoplashi shart.
Mehnat kodeksining 560-moddasida boshqa mehnat nizolari bo‘yicha — xodim o‘zining huquqi buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran olti oy muddatda sudga da’vo qilish mumkinligi belgilangan.
Sizdagi holatda ham ish haqi undirish boshqa turdagi mehnat nizolari toifasiga kirganligi tufayli, siz ham fuqarolik sudiga ish haqi undirish bo‘yicha da’vo arizasi bilan murojaat qilishingiz lozim.
✅ Shuningdek, bu holatda tuman adliya bo‘limiga ham murojaat qilish mumkin. Agar ish haqingizni kamaytirishda buxgalterning aybi bo‘lsa, unga nisbatan javobgarlik choralari ko‘rilishi mumkin.
➖ Xususan, uninng harakatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 49-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
@Yurist_Xizmati