«Qizil maktab»da o‘qituvchiga katta miqdorda oylik to‘lanadimi?

«Qizil maktablar» — ta’lim sifati juda past bo‘lgan maktablar hisoblanadi. Agar o‘qituvchi mana shunday ro‘yxatga kiritilgan maktabga borib ishlasa ularning oylik maoshiga qo‘shimcha ustamalar to‘lab beriladi.

Faqat ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga borib ishlash istagida bo‘lgan o‘qituvchi tegishli fan yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga va birinchi yoki oliy malaka toifasiga ega bo‘lishi, kamida bir yil pedagogik ish staj hamda amalda faoliyat yuritayotgan maktabi «Qizil maktablar» ro‘yxatida bo‘lmasligi kerak.

 

 

!Boshqa hududlardan jalb etilgan o‘qituvchi-pedagoglarga quyidagicha miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanadi:

-Bir viloyat doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;

-Boshqa viloyatdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustama.

 

 

Boshqa hududdan «Qizil maktablar»ga jalb etilgan pedagoglarga faoliyat olib borgan davriga, biroq 2 yildan ortiq bo‘lmagan muddat davomida xizmat uy-joylari yoki tuman (shahar)lar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari (hozirgi kunda 600 ming so‘m) miqdorida har oylik pullik kompensatsiya to‘lab berilishi ham ta’minlanadi.

Agar pedagog xodim amalda ishlayotgan ish joyida direktor jamg‘armasi hisobidan ustama olayotgan bo‘lsa, bu ustamalar ta’lim sifati past bo‘lgan maktabda ish boshlagan taqdirda ham bir o‘quv yili davomida saqlanib qoladi.

Boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatidan chiqarilgan yildan keyingi o‘quv yili uchun ham to‘lanadi.

Asos: Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 15 oktabrdagi 646-son qarori.

 

 

Olis hududdagi maktabga borib ishlash uchun kimga murojaat qilish kerak?

Barchamizga ma’lumki, olis joylardagi maktablarni malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlash hozirgi kunning eng dolzarb masalasi bo‘lganligi uchun 2019 yildan boshlab olis hududlarda joylashgan maktablarda ishlayotgan o‘qituvchilarni rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha ustamalr to‘lash ishlari boshlandi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan ishlashga kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislarga BHMning 50 baravari miqdorida (11 mln 150 ming so‘m) bir martalik boshlang‘ich yordam puli va ijarada turganlik uchun BHMning 2 baravarida (446 ming so‘m) har oylik pul kompensatsiyasi berilishi belgilab qo‘yildi.

Undan tashqari Prezident bu yilgi Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida o‘qituvchilar boshqa tumandagi olis maktabga borib ishlasa — 50 foiz, boshqa viloyatga borib ishlasa, 100 foizlik ustama haq olishlari mumkin deb ta’kidladi.

 

 

Shundan so‘ng juda ko‘p o‘qituvchilar olis hududlarda joylashgan maktablarga aynan qaysi maktablar kirishi, undan tashqari olis hududlarga ishga boradigan o‘qituvchilar deyilganda aynan nima nazarda tutilganligi, bunda maktab va o‘qituvchining uy manzili orasidagi masofa ham ahamiyatga egami degan savol bilan murojaat qilishdi. Bu savolga ham imkon qadar javob berdik.

Endi ko‘plab o‘qituvchilar berilayotgan imkoniyatlar foydalanish maqsadida “Olis hududlardagi maktabga borib ishlash uchun kayerga murojaat kilishim mumkin?” deb savol yo‘llashibdi. Shuning uchun bu savolga ham imkon qadar javob berishga harakat qildik.

Buning uchun avvalo, Olis hududlardagi maktablar ro‘yxati bilan yaxshilab tanishib chiqish kerak bo‘ladi. Ana undan so‘ng ish.uzedu.uz saytiga kirib, o‘zingizga kerakli bo‘lgan hududni tanlab, bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rib chiqishingiz kerak bo‘ladi.

 

 

U yerda esa ish joyi, lavozim, oylik maosh, ish stavkasi, ish tajribasi, ish o‘rinlari soni, ish turi, to‘lov shakli, imtiyozlar, ish o‘rnining bandligi, murojaat uchun telefon raqami, e’lon joylashtirilgan sana hamda hujjatlarni qabul qilish muddati haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan bo‘ladi.

O‘sha huddudagi maktabda ishlash niyatingiz bo‘lsa, «lavozimga talabgor haqida ma’lumot» degan bandini to‘ldirib, aloqa uchun berilgan raqamga telefon qilishingiz mumkin bo‘ladi.

Xullas rostdan ham olis hududlardagi maktablarda ishlab, beriladigan imtiyozlardan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, ish.uzedu.uz saytidan erinmay ma’lumotlarni ko‘rib chiqishingiz lozim.

P.S: Balki Xalq ta’limi vazirligi yaqin kunlarda olis hudud maktablaridagi bo‘sh ish o‘rinlarini ham e’lon qilib qolar. Unga qadar yuqoridagi ko‘rsatmalardan foydalanib tursangiz bo‘ladi.

Manba