Sizda Germaniyada boʻlib oʻtadigan xalqaro olimpiadada qatnashish imkoni borligini bilasizmi?

Tez orada, yurtimizda fan olimpiadasining viloyat bosqichi boʻlib oʻtadi. Nemis tili fanidan olimpiadaning Respublika bosqichida faol qatnashganlar Germaniyada boʻlib oʻtadigan nemis tili boʻyicha dunyodagi eng yirik xalqaro musobaqada qatnasha olishidan xabaringiz bormi?

Xalqaro nemis tili olimpiadasi “Internationale Deutscholympiade” deb nomlanadi va u nemis tili boʻyicha dunyodagi eng yirik xalqaro musobaqa hisoblanadi. Olimpiada Gyote Instituti tomonidan Xalqaro nemis tili oʻqituvchilari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Nemis tilidan bu yilgi xalqaro olimpiada 25- iyul — 5-avgust kunlari Germaniyaning Gamburg shahrida boʻlib oʻtadi. Bugungi kunda dunyoning 70 dan ortiq mamlakatlarining taʼlim muassasalarida 13 millionga yaqin oʻquvchilar nemis tilini xorijiy til sifatida oʻrganib kelmoqdalar. Mazkur mamlakatlarda milliy saralash bosqichlarida muvaffaqiyat qozongan 14 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan 140 nafar oʻquvchi yoshlar “IDO-2022”da ishtirok etish uchun Germaniyaga taklif qilinadilar. “Oliy liga” musobaqasi davomida faol oʻqituvchilar ham metodik va didaktik mavzularda malaka oshirishlari mumkin.

Maʼlumki, yurtimizda tez orada fan olimpiadasining viloyat bosqichi boʻlib oʻtadi. Nemis tilidan olimpiadasining respublika bosqichida faol ishtirok etgan oʻquvchilarimizda xalqaro olimpiadada ishtirok etish imkoniyati bor. Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan aprel oyida Toshkent shahrida tashkil etiladigan nemis tili fan olimpiadasi respublika bosqichining asosiy hamkorlaridan biri Oʻzbekistondagi Gyote institutidir. Gyote instituti “IDO-2022” boʻyicha mamlakatimizdagi vakolatli tashkilotdir. Nemis tili olimpiadasining respublika bosqichi bir vaqtning oʻzida “IDO-2022” uchun saralash bosqichi vazifasini ham oʻtaydi.

Viloyat olimpiadasida ishtirok etadigan oʻgʻil-qizlarimizga omad tilab, Germaniyadagi final bosqichida nafaqat til bilimlari, balki madaniyatlararo koʻnikmalar va xalqaro guruhlarda ishlash qobiliyati ham talab qilinishini eslatib oʻtamiz. U yerda xalqaro hakamlar hayʼati ham individual, ham jamoaviy chiqishlarni baholaydi.

“Internationale Deutscholympiade 2022” haqidagi batafsil maʼlumotlar bilan quyidagi havolad orqali tanishib chiqishingiz mumkin: 

https://www.goethe.de

©️ Respublika ta'lim markazi Nemis tili fani metodisti Guliston Jo'rayeva