Maktab o‘qituvchisi va repititorni solishtirmang!

Shu kunlarda “kottakon”larimiz og‘zidan ajoyib-ajoyib gaplar, g‘oyalarni eshitib qolyapman. Eng jahlimni chiqargani, maktab o‘qituvchisi va repititorni solishtirishlari bo‘ldi. O‘zi umuman solishtirishlarni unchalik jinim suymaydi. Keling, gapni cho‘zmaylik-da, masalani tushuntirishga urinay.

Nimaymish, maktabni bitirgan o‘quvchilar repititorsiz OTMga kirolmayotgan ekan. Ha, buni tan olaman. Bu hozir yashiradigan narsa emas. Lekin o‘sha “kottakon”lar yana shuni ham qo‘shimcha qilyaptiki, maktab o‘qituvchilarini turli majburiy mehnat hamda hujjatlarning katta qismidan ozod qilishgan, endi ulardan natija talab qilishga haqlari bor ekan. Xo‘p, rahmat, o‘qituvchilar endi dalama-dala, ko‘chama-ko‘cha yurmayapti. Qoyil, katta siyosiy iroda ko‘rsatildi. Aslida, shunday bo‘lishi kerak bo‘lgan narsani amalga oshirishdi, xolos. O‘z vazifasini bajara olmayotgan Kasaba uyushmasi ishini Xalq ta’limi vaziri va Prezident o‘z qo‘liga oldi. Buning uchun ulardan cheksiz minnatdorman.

Lekin o‘qituvchilardan o‘quvchisini OTMga kirishini talab qilish bu baliqni daraxtga chiqishini so‘rashday gap-da. Nimaga deysizmi? Javoblari juda oddiy:

Birinchidan, o‘qituvchilarning eng asosiy muammosi — sinflardagi o‘quvchilar soni kamaymadi, hamon 35dan yuqori. Bilasiz, sinfda qancha ko‘p odam bo‘lsa sifat shuncha past bo‘ladi. Biz maqtaydigan repititorda-chi? Ko‘pi bilan 15ta.

Ikkinchidan, sinflarni tabaqalash yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan, vunderkind ham, qoloqroq o‘quvchi ham bir sinfda o‘tiradi. Repititorga borganlar biladi, ular test qilib darrov guruhlarda saralab oladi. Hamma o‘zi bilan teng odamlar ichida o‘qiydi.

Uchinchidan, o‘qituvchilarni malakasini oshirish tizimi deyarli ishlamaydi. Ha, ha ishlamaydi. Ham juda uzoq — 3 yil oraliq bor. O‘qituvchi kerak bo‘lsa har oyda malaka oshirish seminarlarida qatnashishi kerak. U yerda ham real ishlaydigan narsalar o‘qitilishi kerak. Biror o‘qituvchini shu malaka oshirish markazlaridan Baraka topganini eshitmadim. Siz eshitgan bo‘lsangiz bildirib qo‘ying. Repititorlar esa har kuni o‘z ustida ishlaydi, internetdan ma’lumotlar oladi.

To‘rtinchidan, o‘qituvchilarga tashqaridan qarash imkonini yaratib bermaganmiz. To‘g‘ri, ochiq darslar, dars tahlillari bo‘ladi. Lekin unda o‘qituvchi o‘ziga tashqaridan qaray olmaydi. Biror maktabga mana shu maqsadda bitta bo‘lsa ham videokamera berilganini eshitmadim. Eshitgan bo‘lsangiz bilasiz nima qilishni.

Yuqoridagi to‘rt sabab o‘qituvchilarni repititordan ajratib turuvchi va o‘qituvchining o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan tomonlar. O‘sha og‘zini to‘ldirib gapirayotganlar yechib berishi kerak bo‘lgan muammolar.

Siyosatdonlarning yana bir ajoyib gapi chiqdi. Endi direktor va o‘qituvchi ustamani o‘quvchisi OTMga kirgani yoki kasb egallaganiga qarab oladi. Qozining o‘zi insofsizlik qilib tursa dardingni kimga aytasan? Yana orqasidan o‘zlari ma’lumot berib qo‘yadi “Joriy yil umumta’lim maktablarini 452 ming o‘quvchi tamomladi. Ularning 70 mingi OTM, 85 mingi professional ta’limga kiradi”. Aslida, 70 emas OTMga kiruvchilar 120–130 ming atrofida bo‘ladi. Qolganlar nima qiladi. Qolganlar o‘qituvchisi-chi? Ularning soni 240 mingga yaqin-ku! Matematik bo‘lib ketinglar-ey!

Keling, tasavvur qilamiz, men chizmachilik yoki geografiya o‘qituvchisiman. Menga ustama qanday beriladi? OTMga kirganiga qarab berilsa, men o‘qitgan fanlardan nechta OTMda imtihon bo‘ladi-yu, nechta talaba qabul qiladi ular? Biror qaror chiqarishdan oldin matematika va mantiq degan narsani yoqib olish kerak-da!

Xullas shunaqa gaplar. Men bu yerda hamma aybni hukumatga ag‘darmoqchi emasman, o‘qituvchilarning ham o‘ziga yarasha katta ayblari bor. Lekin bu boshqa masala. Buni ham tez kunlarda, albatta, yozaman. Chunki bizda tarozi “odolat”li ishlaydi.

Shokir Yo'ldosh