Biologiya fanining oʻquv dasturlarini takomillashtirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi

Joriy yilning 19-may kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida biologiya fani boʻyicha uzluksiz taʼlim dasturlarining muhokamasiga oid davra suhbati tashkil etildi.

Unda Taʼlim inspeksiyasi, Respublika taʼlim markazi rahbariyati, Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Samarqand, Fargʻona va Urganch davlat universitetlari, Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati professor-oʻqituvchilari hamda biologiya fanidan oʻquv dasturlarining uzluksizligi va uzviyligini taʼminlash boʻyicha jalb etilgan ekspertlar va olimlar ishtirok etishdi.

Tadbir davomida biologiya oʻqitish boʻyicha fan dasturlarini takomillashtirish, rivojlangan mamlakatlarning ilgʻor tajribalarini singdirish va xalqaro tadqiqotlarga moslashtirish yuzasidan qator masalalar muhokama qilindi.

image_2021-05-20_10-29-37.png



Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev davra suhbatini kirish soʻzi bilan ochib berar ekan, uzluksiz taʼlim tizimida biologiya fani oʻqitilishining bugungi kundagi holati va istiqbolda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi.

–Davlatimiz rahbari Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali tadbirda aniq va tabiiy fanlarni oʻqitish metodikasi murakkab tuzilgani, ularda nazariy bilimlar amaliyot bilan bogʻlanmagani, oʻquv dasturlarida uzviylik yoʻqligi, darsliklarning mazmuni va sifati qoniqarsiz ekani haqli eʼtirozlarga sabab boʻlayotganini alohida taʼkidlab oʻtgan edilar.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida fan dasturlari uzviyligi va uzluksizligini taʼminlashning 10 ta bosqichi ishlab chiqildi.

Shu qatorda biologiya fani boʻyicha ham mavjud oʻquv dasturlarini tahlil qilish va takomillashtirish boʻyicha eng tajribali va malakali olimlardan iborat ishchi guruhlar tashkil etildi va biologiya fanining uzluksiz taʼlim tizimidagi oʻquv dasturlari oʻrganib chiqildi.

Mazkur fan konsepsiyalar va oʻquv dasturlari loyihalari Fanlar akademiyasi Genetika va eksperimental biologiya instituti, Milliy universitet va Fargʻona davlat universitetlari, Abu Ali ibn Sino ijod maktabi hamda Fargʻona viloyati xalq taʼlimi boshqarmasiga ekspertizaga berilgan.

Joylardan olingan ekspertiza xulosalari asosida Xalq taʼlimi vazirligiga 16 ta hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga 3 ta taklif joʻnatildi. Ekspertiza xulosalari asosida Konsepsiya va oʻquv dasturlarni takomillashtirildi hamda yaxlit biologiya fanidan “Uzluksiz taʼlim dasturlari” loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur yoʻnalishdagi ishlar uzviy davomi sifatida respublikamizdagi biologiya fani boʻyicha yetuk olimlardan va amaliyotchi ilgʻor pedagoglardan “Uzluksiz taʼlim dasturlari” majmuasini toʻliq tahrirdan oʻtkazish hamda takliflarini berishlarini soʻraymiz, – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.

image_2021-05-20_14-37-20.png


 Biologiya fani boʻyicha ishchi guruh amaliyotchi olimlar va pedagoglar bilan hamkorlikda oʻrganishlar natijasiga koʻra, bugungi kunda mazkur fan boʻyicha uzviyligi taʼminlanmagan mavzular 6 ta, qisqartirilgan mavzular 9 ta, olib tashlanadigan mavzular 1 ta, boshqa taʼlim turiga oʻtkazilgan mavzular 8 ta, xalqaro tadqiqotlar boʻyicha kiritiladigan mavzular 8 ta ekanligi aniqlandi va dasturlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Mazkur koʻrsatkichlardan kelib chiqqan holda, fan dasturini takomillashtirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Ushbu konsepsiya boʻyicha yaratilgan oʻquv dasturlari Taʼlim inspeksiyasining uzviylik.tdi.uz muhokama portaliga joylashtirildi. Bugungi kunga qadar konsepsiyani yana-da takomillashtirish boʻyicha fuqarolar tomonidan 120 dan ortiq takliflar bildirildi.

image_2021-05-20_14-40-07.png



Tadbir davomida har bir taʼlim bosqichi mutaxassislari umumiy oʻrta maktablarida, akademik litsey, professional va pedagogika oliy taʼlim tizimi biologiya fani boʻyicha uzluksizlik va uzviylikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirayotgan ishlar boʻyicha taqdimotlar oʻtkazildi.

Xususan, milliy oʻquv dasturi ishlab chiqish jarayonida xalqaro ekspertlar koʻmagida Finlyandiya, Cingapur, Koreya, Yaponiya, Gonkong dasturlari, Prezident maktablari bilan Kembridj tajribasi, oʻquv dasturlari oʻrganilgani maʼlum qilindi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, tabiiy fanlar boʻyicha yangi oʻquv dasturining yutuqlaridan bu dars jarayonida mavzularning spiralsimon tarzda oʻtilishidir. Misol uchun oʻsimliklarning nafas olishi mavzusi, hayvonlar va odamlar nafas olishi bilan bogʻlab tushuntiriladi.

Muhokamalar jarayonida biologiya fanini boshqa fanlar bilan bogʻlab oʻqitish boʻyicha istiqboldagi vazifalarga ham toʻxtalib oʻtildi.

“Tabiiy va iqtisodiy fanlar” blok-moduli oʻz ichiga biologiya, geografiya, fizika, kimyo, iqtisodiy bilim asoslari va tadbirkorlik asoslari oʻquv predmetlarini qamrab olishi hamda ularning oʻzaro aloqadorligini taʼminlashi taʼkidlandi.

Tadbir yakunida, biologiya fani boʻyicha oʻquv dasturlarini takomillashtirishda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan fikr almashinib, tegishli vazifalar belgilab olindi.