Boshlang'ich sinfga 1 yillik tayyorlov majburiymi?

Assalomu alaykum, bir yillik maktabgacha majburiy tayyorlovga nodavlat bog‘chadagi tarbiyalanuchilarni ham "majburiy"dab chaqirish mumkinmi?

YURIST JAVOBI:

Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining tayyorlov guruhida tarbiyalanayotgan bolani yana alohida majburiy bepul bir yillik tayyorlov guruhiga qatnashishga majburlash mumkin emas.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi 132-son qarori 3-bandiga ko‘ra, davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining to‘liq yoki to‘liq bo‘lmagan kun tartibidagi, haftasiga kamida 15 soat ta’lim-tarbiya tashkil etilgan tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchilari boshlang‘ich ta’limga tayyorgarlikdan o‘tgan hisoblanadi va majburiy bepul bir yillik tayyorlovdan ozod etiladi.

 

Qarorning 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 2-bandida bunday bepul guruhlar maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olinmagan bolalar uchun tashkil etilishi, 6-bandida esa ularga bog‘chaga bormayotgan bolalar qabul qilinishi belgilangan.

Shuningdek, davlat va nodavlat bog‘chalarning tayyorlov guruhini tamomlagan bolalarga “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimi orqali davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi.


Demak, bola nodavlat bog‘chaning belgilangan talablarga javob beradigan tayyorlov guruhiga qatnayotgan bo‘lsa, uni boshqa majburiy tayyorlov guruhiga qayta chaqirish qonuniy emas. “Majburiy” degan tushuncha bolani maktabga tayyorlash zarurligini anglatadi, aynan davlat tashkil etgan guruhga takroran qatnash majburiyatini emas.

 

@Yurist_Xizmati