Joriy yilning 18-19dekabr kunlari Oʻzbekistonda maktab oʻquv dasturlariga iqlim oʻzgarishi taʼlimini integratsiya qilish boʻyicha seminar oʻtkazilmoqda.
Ushbu seminar BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi va “Taʼlim hamma narsadan ustun” jamgʻarmasi (EAA) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda iqlim taʼlimi orqali yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini kuchaytirish va rivojlantirish” qoʻshma loyihasi doirasida tashkil etildi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Yuliya Risyukova iqlim oʻzgarishi masalalari taʼlim tizimi bilan bevosita bogʻliq ekanini taʼkidladi.
“PISA tadqiqoti natijalari oʻquvchilarning murakkab global masalalarni, jumladan ekologik va iqlimga oid muammolarni tahlil qilishda, shuningdek, ilmiy bilimlarni hayotiy vaziyatlarda qoʻllashda qiyinchiliklarga duch kelayotganini koʻrsatmoqda.
Ekologik barqarorlik koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan mamlakatlar tajribasi shuni koʻrsatadiki, eng samarali yondashuv — fanlararo yondashuv boʻlib, unda iqlim jarayonlari geografiya, biologiya, kimyo, fizika va matematika fanlari orqali real maʼlumotlar hamda ilmiy modellar asosida oʻrganiladi. Bunday yondashuv nafaqat fanlar boʻyicha bilimlarni mustahkamlaydi, balki ekologik madaniyat, tanqidiy fikrlash va tabiiy resurslarga nisbatan masʼuliyatli munosabatni shakllantiradi.
Milliy ekspertlar, metodistlar va fan oʻqituvchilarini oʻz ichiga olgan ishchi guruhlar tomonidan oʻquv dasturlariga iqlim komponentini integratsiya qilish boʻyicha dastlabki tavsiyalar ishlab chiqildi. Shu bilan birga, xalqaro amaliyot shuni koʻrsatadiki, barqaror natijalarga faqat oʻqituvchilar uchun tizimli metodik qoʻllab-quvvatlash, kasbiy rivojlantirish dasturlari hamda joriy etish jarayonida doimiy hamrohlik orqali erishish mumkin.
Shu sababli, bugungi seminar tahlildan amaliy yechimlarga oʻtishda muhim qadam hisoblanadi.” – dedi markaz direktori.