Yangi o‘quv yilidan 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarda bepul o‘qiydi, dual ta’lim kengayadi

“Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–316-son, 23.10.2025 y.) qabul qilindi.

 

Qarorga muvofiq, 2030-yilgacha 9-sinf bitiruvchilarining texnikumlar bilan qamrovi 29 foizdan 50 foizga, dual ta’lim (ish joyida o‘qitish) ulushi esa 9 foizdan 40 foizga yetkaziladi.
 

Kasbga yo‘naltirish tizimi

 

 

2026-yildan boshlab maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlab o‘quvchilarni kasb tanlashga yo‘naltirish tizimi joriy etiladi. 5 yoshdan “Atrofimizdagi kasblar” o‘yinlari, 1–4-sinflarda “Kasblar alifbosi”, 5–6-sinflarda “Kasblar olami”, 7–9-sinflarda esa “Mening kelajakdagi kasbim” fanlari joriy qilinadi. 2028-yildan 9-sinf yakuniy imtihonlari natijasiga ko‘ra o‘quvchilar texnikumlarga yo‘naltiriladi.
 

O‘qituvchi va ustalarni qo‘llab-quvvatlash

 

 

2026-yildan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining maoshi birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar darajasiga tenglashtiriladi. Har bir ustaga 20 nafar o‘quvchidan ortiq bo‘lmasligi belgilandi. Texnikum direktorlariga ustalar uchun ajratilgan ish haqi fondi doirasida EKOIHning 15 baravarigacha oylik belgilash vakolati beriladi. Har yili eng yaxshi 50 nafar usta va o‘qituvchi xorijda malaka oshiradi.
 

Dual ta’limdagi imtiyozlar

 

 

Dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilarga har oy bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi. Ushbu davr mehnat stajiga qo‘shiladi. Dual ta’limni tashkil etgan ish beruvchilarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.
 

Milliy tanlov va reyting

 

2026-yildan boshlab Prezident sovrini uchun “Kasbiy mahorat milliy tanlovi” o‘tkaziladi. Milliy reytingda eng yuqori 50 talikka kirgan texnikumlarning har biri BHMning 3000 baravari miqdorida rag‘batlantiriladi.
 

Moratoriy va moliyalashtirish tartibi

 

2030-yilgacha texnikumlarni tugatish, ularning yer maydonlari va binolarini xususiylashtirishga moratoriy e’lon qilinadi. 2026-yil 1-sentyabrdan 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarda to‘liq davlat budjeti hisobidan o‘qiydi, 11-sinfni bitirgan talabgorlar esa to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladi.