eMaktab: Google Play’da sinalmagan ilovalar kuzatilmoqda — ularning xavfsizligiga kafolat bermaymiz va javobgarlikni boʻynimizga olmaymiz.

Google Play ilovalar do‘konida “Kundalik” kompaniyasiga tegishli savdo belgilaridan foydalanayotgan eMaktab ilovalarining norasmiy nusxalari aniqlandi. 2023-yilda “Kundalik” kompaniyasi rebrending oʻtkazdi. Barcha mahsulotlar, jumladan, mobil ilovalar va raqamli ta’lim platformasi yagona eMaktab brendi ostida birlashtirildi hamda oʻz faoliyatini davom ettirmoqda. Biroq kompaniyaning yuridik nomi o‘zgarishsiz qolgan — “Kundalik” MChJ. “Kundalik” savdo belgisining ruxsatsiz foydalanilishi foydalanuvchilarni chalg‘itib qo‘yishi mumkin.

 

Norasmiy ilovalarni o‘rnatish jiddiy xavf tug‘diradi: foydalanuvchilardan pul mablag‘lari o‘g‘irlangani, shuningdek, yosh chegarasiga mos kelmaydigan reklamalar haqida shikoyatlar kelib tushgani qayd etilgan.

eMaktab ularning ishlashi, samaradorligi va xavfsizligi uchun javobgar emas.

 

DIQQAT: rasmiy ilovalar eMaktab.Oila, eMaktab.Jurnal, eMaktab.Treker deb nomlanadi.

“Kundalik” MChJga tegishli bo‘lgan va u tomonidan tarqatiladigan rasmiy ilovalar do‘konlarda quyidagi ko‘rinishga ega:

 

Yuqorida ko‘rsatilgan ilovalarning "Ishlab chiquvchi" ustunida "KUNDALIK" LLC qayd etilgan.

Foydalanuvchi kelishuvi va ishonchli mualliflik huquqisiz ilovalardan foydalanish quyidagi xavf-xatarlarga olib kelishi mumkin:

  • maxfiy ma’lumotlarning sizib chiqishi (shaxsiy ma’lumotlar, bank rekvizitlari, kontaktlar, qo‘ng‘iroqlar ro‘yxati);

  • SMS, kamera va qurilmaning boshqa funksiyalariga zo‘raki kirish;

  • ma’lumotlaringizdan mablag‘larni o‘g‘irlash yoki nomingizga kredit rasmiylashtirish uchun foydalanish;

  • qurilmangiz orqali spam va zararli havolalarni tarqatish.

Agar siz tasodifan shubhali ilovani o‘rnatib qo‘ygan bo‘lsangiz, uni zudlik bilan qurilmangizdan o‘chirib tashlashingiz lozim. Smartfoningiz sozlamalarida ruxsatlarni tekshiring: SMS, kamera, qo‘ng‘iroqlar ro‘yxati yoki kontaktlarga aniq zaruratsiz kirish xavotirli belgi hisoblanadi. Bank kartalaringiz ko‘chirmalarini albatta sinchiklab ko‘rib chiqing va shubhali to‘lovlar aniqlansa, darhol bank bilan bog‘lanib, kartani bloklang. Asosiy servislarda, jumladan, elektron pochta, messenjerlar va onlayn banking xizmatlarida parollarni o‘zgartirish hamda ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqish tavsiya etiladi. Google Play’da shubhali ilova haqida “Shikoyat qilish” tugmasi orqali xabar bering.

 

Quyida ehtiyot bo‘lishingiz kerak bo‘lgan eMaktab ilovasining norasmiy nusxalari keltirilgan (bu norasmiy ilovalarning to‘liq ro‘yxati bo‘lmasligi mumkin, shuning uchun hushyor bo‘ling va yuklab olishdan oldin barcha ma’lumotlarni sinchiklab tekshiring): 

 

Potensial xavfli ilovalar ishlab chiquvchisi Dev.Soft.

 

O‘zingizni va yaqinlaringizni himoya qilish uchun faqat rasmiy eMaktab ilovalarini ushbu havola orqali yuklab oling.

Hatto Google Play orqali dasturlarni o‘rnatishda ham ehtiyotkor bo‘ling.