2025-yil uchun sinf komplektlari, tarifikatsiya roʻyxatlari, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini shakllantirish boʻyicha qo’shma xat e’lon qilindi

 

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yili uchun sinf komplektlari, tarifikatsiya roʻyxatlari, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini shakllantirish boʻyicha qo’shma xati e’lon qilindi.


Mazkur jarayonda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-oktyabrdagi “Budjet tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va shtatlar jadvalini shakllantirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 722-sonli qarorida ta’lim tashkilotlarining shtat jadvalini tuzishda 1-dekabr holatidagi mavjud o‘quvchilar va sinflar soni hisobga olinishi belgilangan.

 


Yuqoridagilarni inobatga olib:


a) 2024-2025-o‘quv yilida umumta’lim maktablarining hamda yangidan tashkil etilgan sinflarni amaldagi qonunchilikda belgilangan me’yorlar asosida komplektlash (dasturiy majmuada shakllantirish) hamda iqtisodiyot va moliya organlari tomonidan tasdiqlash;


– sinfdan sinfga o‘tuvchi (kam komplektli) sinflarda o‘quvchilar sonini xatlovdan o‘tkazish va o‘quvchilar kontingenti pasaygan barcha hollarda sinflar va maktablar o‘rtasida o‘quvchilarni qayta taqsimlash masalasini ko‘rib chiqish;


– sinflarni jamlashni tashkil qilishda sinf xonalarining namunaviy rejasiga, ularda parta va stollarni joylashtirish imkoniyatiga, ayniqsa asossiz ravishda sinflar to‘ldirilishi pasayib ketgan hududlarda e’tiborni kuchaytirish – muddat 13-dekabrgacha;
 
b) pedagog kadrlarning malaka toifalari, xorijiy tillar va umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlari, menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan rahbar xodimlar hamda fan nomzodi va fan doktorlari ro‘yxatlarini yagona elektron tizim (erp.maktab.uz) dasturiy majmuasida to‘liq shakllantirish – muddat 16-dekabrgacha;

v) umumta’lim maktablarining tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish va tasdiqlash – muddat 18-dekabrgacha;
 
g) umumta’lim maktablari va davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining shtatlar jadvallarini amaldagi qonunchilikda belgilangan me’yorlar asosida to‘g‘ri shakllantirish, iqtisodiyot va moliya organlari tomonidan tasdiqlash hamda vazirlikka yuborish – muddat 20-dekabrgacha;
 
d) 2025-yil uchun xarajatlar smetasini shakllantirish va vazirlikka yuborish – muddat 23-dekabrgacha amalga oshirilishini ta’minlash;
 
h) sinflarni komplektlash, tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish hamda shtatlar jadvalini tasdiqlashda budjet mablag‘larini tejash hamda samarasiz xarajatlarni maqbullashtirishga alohida e’tibor qaratish so‘raladi.