Endi o‘quvchiga qo‘l ko‘targan pedagoglar maktabda ishlolmasligi mumkin

 

Bu qoida nafaqat maktab o‘qituvchilariga, balki maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog va tarbiyachilarga nisbatan tatbiq etiladi.


Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga yo‘l qo‘ygan pedagog va tarbiyachilarning kelgusida bolalar bilan ishlash bo‘yicha mehnat faoliyatini davom ettirishi uchun muayyan cheklovlarni, qo‘shimcha talablarni nazarda tutish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.


Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-dekabrdagi “Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-201-sonli Farmonida nazarda tutilmoqda.


Farmonda aytilishicha, Adliya vazirligi Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ushbu qoidani nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.


Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda pedagoglarning tarbiyalanuvchilar, o‘quvchi va talaba yoshlar bilan o‘zaro munosabatlarini tartibga soluvchi barcha hujjatlarni zamonaviy talablar asosida, shu jumladan, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni nazarda tutgan holda to‘liq, qayta ko‘rib chiqadi.


Hozircha, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga yo‘l qo‘ygan pedagog va tarbiyachilarning ta’lim muassasasida mehnat faoliyatini davom ettirishi uchun aynan qanday cheklovlar joriy qilinishi ma’lum emas. 
Ya’ni, yangi ishlab chiqiladigan tartibda zo‘ravonlik holatlariga yo‘l qo‘ygan pedagoglarning aynan ta’lim tashkilotida ishlash huquqi emas, balki boshqa huquqlari cheklanishi ham mumkin. Bu haqda tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilganda bilib olish mumkin bo‘ladi.