✅ Xabaringiz bor, 2024-2025-oʻquv yilida mamlakatimizdagi 1500 ta maktabda yangi baholash tartibi joriy qilindi va ayni vaqtda ushbu taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning bilim darajasi mazkur tizim asosida baholanmoqda.
Shu oʻrinda yangi baholash tizimi boʻyicha pedagoglar va ota-onalardan kelib tushayotgan ayrim savollarga javob berib oʻtsak.
1. Savol: Biz turli ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali CHSB test savollarini olyapmiz, ammo ushbu savollarda turli tafovut va noaniqliklarni kuzatyapmiz. Buning sababi nimada?
Javob: Yangi baholash tizimi joriy etilgan maktab oʻquvchilari bilimini baholash uchun Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan namunaviy test savollari ishlab chiqilgan hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining e-maktab.uz platformasiga joylashtirilgan.
➖Pedagoglar va ota-onalardan yangi baholash tizimi boʻyicha barcha fanlarga tegishli namunaviy test savollarini faqat e-maktab.uz platformasidan yuklab olishlarini soʻraymiz. Boshqa turdagi axborot kanallari va ijtimoiy tarmoq sahifalaridagi savollarning toʻgʻriligi haqidagi xabarlar haqiqatga mos emas.
2. Savol: CHSB imtihonlari uchun sarflanayotgan qogʻoz va bosmaxona xarajatlari qaysi mablagʻlar hisobidan qoplanyapti? Buning uchun ota-onalardan mablagʻ talab etiladimi?
Javob: Yoʻq, ota-onalardan mablagʻ talab etilmaydi.
➖Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2024-yil 17-oktabrdagi tegishli buyrugʻiga asosan, 2024-yil I va II chorak imtihonlari Toshkent shahar, Xorazm va Toshkent viloyatlaridagi tanlab olingan va yangi baholash tizimi joriy etilgan 168 ta maktabda e-maktab.uz platformasi orqali onlayn, qolgan 1332 ta maktabda anʼanaviy tarzda tashkil etilishi belgilangan.
➖Anʼanaviy tarzda imtihon oʻtkaziladigan 582 ta maktab uchun ajratiladigan (6400 ta oʻram) qogʻoz mahsulotlari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Taʼlim sohasida islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Shuningdek, ushbu maktablarning nazorat materiallari hududiy boshqarmalarga maxsus ajratilgan printer qurilmalarida chop etiladi.
➖Qolgan 750 ta maktabga ajratiladigan nazorat materiallari oʻrnatilgan tartibda vazirlik tizimidagi G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etib kelinmoqda.
Mazkur xarajatlar uchun ota-onalardan pul mablagʻlari talab etilishi mumkin emas.
3. Savol: Agar imtihon kunlari farzandim kasal boʻlib qolganligi sababli sinovlarda qayta ishtirok etsa, imtihon ballari tushib ketar ekan, shu toʻgʻrimi?
Javob: Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2024-yil 7-avgustdagi tegishli buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Mezonlarga asoslangan baholash tizimini umumiy oʻrta taʼlim maktablariga joriy etish boʻyicha tartib”da bu haqida batafsil aytib oʻtilgan.
➖Unga binoan, asosli sabablar (kasal boʻlganligi, yaqin qarindoshlaridan birining vafoti, turli olimpiada va tanlovlardagi ishtiroki)ga koʻra baholash jarayonida qatnasha olmagan oʻquvchilar uchun sinovlar alohida oʻtkaziladi. Bunda oʻquvchilarga amaldagi baholash mezonlari (maksimal 40 ball)ga koʻra olgan ballari qoʻyiladi.
➖Uzrsiz sabablarga koʻra baholashda qatnashmagan, ichki tartib-qoidalarni buzgani uchun jarayondan chetlashtirilgan yoki 12 balldan past natija qayd etgan oʻquvchilarning maksimal bali 26 balldan oshishi mumkin emas.