Iqtisodiyot va moliya vazirligining UzASBO dasturiy majmuasi takomillashtirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PQ–357-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 22-sentabrdagi 492-sonli qarori talablariga asosan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan buxgalteriya hisobining avtomatlashtirilgan tizimi — UzASBO dasturiy majmuasi takomillashtirildi. 
Mazkur dasturiy majmua bo‘yicha quyidagi ishlar bajarildi:

Budjet tashkilotlari shtat jadvallarining qog’oz shaklidan voz kechilib, to’liq elektron shakllantirish tizimi yo’lga qo’yildi. Jumladan:

budjet tashkilotlarining shtatlar jadvali va xarajatlar smetasi elektronlashtirilib, shtat birliklari hamda lavozimlar tegishli me’yorlar asosida kiritildi, shuningdek, lavozimlar xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga muvofiqlashtirildi;
budjet tashkilotlari shtat birliklari ajratildi, to‘lov turlari hamda ish haqi to‘lovlarini hisoblashdan kelib chiqib guruhlarga toifalandi;

to‘lov turlari standartlashtirildi, shuningdek, har bir to‘lov turlari va ularning chegaraviy miqdorlarining tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqligi ta’minlandi;
“Yagona schyotlar rejasi”ni joriy qilgan holda ikkita alohida dastur (main.uzasbo.uz va zp.uzasbo.uz) bitta dasturga birlashtirildi.

2. Umumta’lim maktablarining tarifikatsiya jarayonlari raqamlashtirilib, ishlayotgan xodimlarga tegishli malaka toifalari integratsiya qilingan holda ularning ish haqlarini hisoblash jarayonlari avtomatlashtirildi.
Shu bilan birga, UzASBO dasturiy majmuasi bo‘yicha quyidagi rejalar belgilab olindi:

1. 2025-yil 1-yanvargacha ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni avtomat hisob-kitob qilish uchun vazirlik va idoralarning tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilish;

2. 2025-yil 1-yanvardan boshlab, budjet tashkilotlarining mas’ul xodimi tomonidan tabel ma’lumotlarini elektron kiritishni yo‘lga qo‘yish;

3. 2025-yil 1-fevralgacha sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim, sport sohalaridagi tashkilotlarning pasport ko‘rsatkichlarini shakllantirish (dastlabki bosqichda set va kontingent ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirish).

Iqtisodiyot va moliya vazirligining UzASBO dasturiy majmuasini takomillashtirish bo‘yicha Ishchi guruhi tomonidan tashkilotlar mas’ul xodimlarining ko‘nikmalarini orttirish uchun seminar-treninglar tashkil etish, video qo‘llanmalar tayyorlash hamda zaruriyatga qarab, joylarga chiqqan holda, doimiy ravishda kerakli tushunchalar berib borish rejalashtirilgan.

O‘z navbatida, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarini UzASBO dasturiy majmuasida elektron hisoblash jarayonida bir qator ishlar amalga oshirilishi talab etilmoqda. Mazkur vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-oktabrdagi “Budjet tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va shtatlar jadvalini shakllantirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 722-sonli qarorida ham ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan:

1 oy muddatda shtatlar me’yori va mehnatga haq to‘lash bo‘yicha barcha normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazish;

3 oy muddatda xatlov natijalari bo‘yicha mehnatga haq to‘lash va shtatlar me’yori mavjud bo‘lmagan budjet tashkilotlari uchun xizmat ko‘rsatish va lavozimlarni joriy etish normalarini belgilash nazarda tutilgan.

Budjet mablag‘larining manzilli sarflanishi va ulardan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul vazirlik hamda idoralarni UzASBO dasturiy majmuasida budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni elektron hisoblash hamda elektron ma’lumotlar bazalarini ushbu dastur bilan integratsiya qilish jarayonida yanada faolroq bo‘lishga chaqiradi.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati