Dars boʻlmagan davrda ham oʻqituvchilar maktabda faoliyat yuritishi zarur

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 114-moddasiga muvofiq, xodim ish tartibi yoki grafigiga yoxud mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq oʻz mehnat vazifalarini bajarishi lozim boʻlgan vaqt ish vaqti hisoblanadi.

Mehnat kodeksining 125-moddasida ish beruvchi xodimning ishlagan vaqtini hisoblab borishi shartligi belgilangan. Ish beruvchi xodimga bajargan ishi uchun haq toʻlaydi (Mehnat kodeksining 154-moddasi).

Qonunchilikka muvofiq, umumiy oʻrta-taʼlim muassasalari pedagog xodimlari oʻz faoliyatini namunaviy yillik ish reja asosida amalga oshirishadi.

Pedagoglar ish rejasi ikki yoʻnalishdagi tadbirlar majmuasidan iborat boʻlib, quyidagi ikki yoʻnalishda shakllantiriladi:

➡️ oʻquv-tarbiya jarayoniga oid;
➡️ oʻquv-tarbiya jarayonining metodik taʼminoti va tashkiliy-pedagogik jarayonga oid.

Oʻquv-tarbiya jarayonining metodik taʼminoti va tashkiliy-pedagogik jarayonga oid yillik ish rejada har bir pedagog xodimning lavozim majburiyatlari hamda u bilan tuzilgan mehnat shartnomasida belgilangan vazifalar bilan bir qatorda oʻquvchilarni barkamol va maʼnaviy yetuk inson etib tarbiyalash maqsadida ularning qobiliyat va isteʼdodlarini rivojlantirishni nazarda tutgan holda, fanlarni oʻzlashtirishda qiynalayotgan va iqtidorli oʻquvchilar bilan alohida mashgʻulotlar olib borishi hamda pedagog xodimning oʻz ustida mustaqil ishlashi nazarda tutiladi.

Oʻquv-tarbiya jarayonining metodik taʼminoti va tashkiliy-pedagogik jarayon umumiy oʻrta taʼlim muassasasida olib borilishini inobatga olgan holda, maktabda dars boʻlmagan davrda ham oʻqituvchilar maktabda faoliyat yuritishi zarur.

 @Uz_Teachers