
Prezidentning “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-oktabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida maktab maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.
Mazkur lavozim 3 400 ta shtat birligi hisobidan tashkil qilinadi. Ular ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimlari qisqartirilishi hisobiga ajratiladi. Endilikda har bir maktabda faqat 1 shtat birligida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari faoliyat yuritadi.
Shuningdek, respublikadagi barcha ta’lim muassasalarida 1 stavkadan ortiq bo‘lgan (jumladan 0,5; 1; 1,5 stavkalar ham) ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari maqbullashtiriladi. Masalan, bir maktabda 2,5 stavka mavjud bo‘lsa, u holda faqat 1 stavka qoldiriladi, qolgan 1,5 stavka qisqartiriladi.
Misol uchun, Jizzax viloyati Sh. Rashidov tumanidagi 12 ta maktabda 2,5 stavka ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari mavjud bo‘lib, ularning 1,5 stavkasi qisqartiriladi.