Ijtimoiy tarmoqlar orqali maktablarda anʼanaviy (qogʻoz) kundaliklar, sinf jurnallari joriy etilayotganligiga doir xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat

RASMIY MUNOSABAT

Ijtimoiy tarmoqlar orqali maktablarda anʼanaviy (qogʻoz) kundaliklar, sinf jurnallari joriy etilayotganligiga doir tarqalayotgan xabarlar huquqiy asosga ega emas.

 

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 5-sentabrdagi 3931-sonli qarori hamda 2019-yil 29-apreldagi 5712-son Farmoniga asosan ayni vaqtda mamlakatimizdagi mavjud barcha umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarining davomati va fanlarni oʻzlashtirish baholari eMaktab elektron jurnal tizimi orqali amalga oshirilib kelinmoqda.

 

Bundan koʻzlangan maqsad, oʻqituvchilardagi ish yuklamasini kamaytirish, oʻquv jarayonini tashkil etishda zamonaviy axborot-komunikatsiya texnologiyalarini joriy etishdan iborat. Ushbu jarayon xalqaro tajribada ham oʻzini oqlagan.

 

Mazkur tizim joriy etilishi natijasida ota-onalarning oʻz farzandlarining darslarni oʻzlashtirish darajasini masofaviy kuzatish imkoniyati yaratilib, oʻquvchilarni baholashda shaffoflik taʼminlanib kelinmoqda. Shuningdek, pedagoglar faoliyatiga doir turli qogʻozbozliklarning kamayishiga erishildi.

 

Shu oʻrinda, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan mamlakatimiz maktablariga anʼanaviy kundalik va sinf jurnallariga qaytish boʻyicha topshiriq berilmaganligini maʼlum qilib, yurtimizda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tus olganligini alohida taʼkidlab oʻtamiz.

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi