Pedagog kadr necha marotaba attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘ta olmagan taqdirda u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi?

 

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qaroriga 1-ilova sifatida tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 4-bandiga muvofiq, pedagog kadrlar har besh yilda majburiy attestatsiyadan o‘tkaziladi.

 

Agar pedagog bir marotaba attestatsiyada ishtirok etib, undan o‘ta olmagan bo‘lsa, nizomning 44-1-bandiga asosan, ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilmagan taqdirda, mazkur oliy ma’lumotli o‘qituvchi navbatdan tashqari attestatsiyaga eng ko‘pi bilan uch marta jalb etiladi.

 

Shuningdek, agar pedagog kadr navbatdan tashqari attestatsiyalarning uchalasidan birortasidan ham muvaffaqiyatli o‘ta olmasa yoki uzrli sabablarsiz (ya’ni kasallik oqibatida yuzaga kelgan uzoq muddatli mehnatga layoqatsizlik hamda davlat yoki jamoat vazifalarini bajargan holatlardan tashqari) attestatsiyada ishtirok etmasa, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning malakasi yetarli emasligi sababli bekor qilinadi.