
"Keyingi o‘quv yilida darsliklar ijarasi bepul bo‘ladi" – Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’lum qilishicha, 2025-2026-o‘quv yilida ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirish rejalashtirilmagan.
Vazirlik bayonotida ma’lum qilinishicha, 2024-yilda maktab o‘quvchilari uchun 83,2 mln nusxa darslik va mashq daftarlarini yetkazib berish uchun Davlat budjetidan jami 1,5 trln so‘m ajratilgan.
Ushbu mablag‘lardan 435,5 mlrd so‘mi (yoki 36 foizi) davriyligi 1-yil hisoblanadigan hamda har yili yangidan chop etiladigan mashq daftarlari uchun yo‘naltirilgan.
2025-yilda esa 81 mln nusxa darsliklar va mashq daftarlari uchun jami 1,3 trln so‘m mablag‘larni to‘liq Davlat budjetidan qoplash ko‘zda tutilgan.
"Ijtimoiy tarmoqlardagi faol foydalanuvchilar tomonidan chop etilgan postlarda Budjet loyihasida Kitob jamg‘armasi xarajat va daromadlari ko‘rsatilmaganiga e’tibor qaratilgan. Qayd etish joizki, Kitob jamg‘armasi faoliyati to‘xtatilgan va yangi jamg‘arma tashkil qilinmagani sababli loyihada bu bo‘yicha ma’lumotlar aks ettirilmagan.
2025-yil uchun Davlat budjeti doirasida ko‘zda tutilgan mablag‘lar yangi o‘quv yilida o‘quvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan ta’minlash bo‘yicha ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini beradi", – deyiladi vazirlik bayonotida.