Ochiq darsdagi xatolardan qanday saqlanish kerak?

Birinchi qadam: mavzu va dars shaklini tanlang

Dars mavzusiga koʻp narsa bogʻliq boʻlib, uni oʻquvchilarning kuchli tomonlarini hisobga olgan holda qabul qilish muhimdir. Mavzu ular uchun qiziqarli boʻlsin va juda qiyin tuyulmasin. Soʻngra dars shakli haqida oʻylang. Bu anʼanaviy yoki noanʼanaviy dars boʻlishi mumkin: konferensiya, oʻyin va hk.

Agar siz birinchi marta ochiq dars oʻtkazayotgan boʻlsangiz, yaxshisi sizga tanish boʻlgan formatlarni tanlang. Agar anʼanaviy darsni oʻtkazishga qaror qilsangiz, dars davomida turli xil mini-shakllarni birlashtiring. Masalan: mavzuni taqdim etish, oʻquvchilarga ochiq va yopiq savollar berish, amaliyot, juftlikda ishlash va hk. Bu sizning oʻqitish vositalaringizni namoyish etadi.

 

 

Ikkinchi qadam: muqobil harakatlarni eʼtibordan qochirmang

Darsning batafsil ssenariysini yozayotganda, bolalar yoki oʻqituvchi uchun qiyinchilik tugʻdirishi mumkin boʻlgan asosiy jihatlarni ajratib oling va muqobil harakatlarni yozing. Agar oʻquvchilar yangi materialni darhol anglashmasa va mavzuni tushuntirish uchun sizga koʻproq vaqt kerak boʻlsa yoki aytaylik, siz foydalanmoqchi boʻlgan uslub muvaffaqiyatsiz chiqsa, har qanday fors-major holatlarida nima qilishingiz mumkinligini kiriting.

Agar siz xavotirga tusha boshlasangiz, eng muvaffaqiyatsiz boʻlgan ochiq dars uchun ssenariy yozishingiz va biron bir muvaffaqiyatsizlikka yoʻl qoʻymaslik uchun nima qilishingiz mumkinligi haqida xotirjamlik bilan oʻylab koʻrishingiz mumkin.

 

 

Uchinchi qadam: vaqtni rejalashtiring

Dars rejasi ustida ishlayotganda, tanlangan shaklning umumiy ahamiyati va foydaliligini hamda bolalar uni toʻldirish uchun sarflaydigan vaqtini baholashga harakat qiling. Har bir harakatga necha daqiqa sarflashni rejalashtirganingizni yozing.

Unutmangki, dars - bu juda joʻshqin jarayon va shu bois hammasi har doim siz xohlagan tarzda boʻlmasligi mumkin. Agar bolalar topshiriqni oʻz vaqtida bajarishga ulurishmaganda qancha vaqt qoʻshilishi, agar vaqt yetarli boʻlmasa, qanday shakllar, amaliyot va vazifalarni eʼtiborsiz qoldirishi mumkinligi haqida oʻylab koʻring.

 

 

Toʻrtinchi qadam: koʻrgazmali qurollarni tayyorlang

Maʼlumotni vizual tarzda taqdim etishning har qanday shakli darsingizni oʻquvchilar va komissiya oldida yana-da jonli va qiziqarli qiladi. Taqdimot, jadvallar va boshqa koʻrgazmali materiallarni tayyorlang.

 

 

Beshinchi qadam: boshqa sinfdagi bolalar bilan darsni repetitsiya qiling

Batafsil yozilgan dars rejasi va koʻrgazmali materiallar tayyor. Toʻliq qurollangandeksiz. Ammo unutmang, reja shunchaki nazariya. Amaliyotda koʻp narsa ssenariy boʻyicha ketmasligi mumkin. Shu sabab darsni oldindan, ammo boshqa sinfda oʻtkazish foydali boʻladi. Bunda rejangizning eng kuchli tomonlarini ham, biroz koʻproq ishlashingiz kerak boʻlgan joylarini ham koʻrishingiz mumkin.

 

Oltinchi qadam: bolalarni ogohlantiring

Gap bolalarga darsda nima boʻlishini aytib berish, tayyor javoblar yozilgan kartochkalarni tarqatish, qoʻrqitish yoki koʻzingizda yosh bilan iloji boricha ehtiyotkorlik bilan mehmonlar huzurida oʻzini tutishlarini soʻrash haqida emas. Bor-yoʻgʻi bolalarni darsda boshqa katta odamlar qatnashishi haqida ogohlantiring. Bu nima uchun kerakligi haqida ularga toʻgʻrisini ayting. Bunga koʻp eʼtibor bermang.

Bolalar ochiq dars alohida maxsus dars, tekshiruv yoki sinov emasligini tushunib yetishsin. Ana shunda ular dars davomida oʻzligini tabiiy tutishadi va bu sizning ishingizni oson, odatiy va qulay qiladi.

 

 

Yettinchi qadam: har doim bolalarning qulayligi haqida oʻylang

Dars davomida yaxshi oʻqituvchi nafaqat oʻz bilimlarini namoyish etishga tayyor eng kuchli oʻquvchilarga, balki biron bir narsani aytishni, soʻramoqchi, aniqlik kiritmoqchi boʻlganlarning barchasiga murojaat qiladi. Ammo baʼzi oʻquvchilarga notanish odamlar sinfda boʻlganida javob berish psixologik jihatdan noqulaylik tugʻdirishi mumkin. Agar sizning sinfingizda bunday bolalar borligini bilsangiz, ularni doskaga chaqirmaslik yoki savolga javob berishni soʻramaslik kerak.

Ochiq dars yakunida fikr-mulohazalarga tayyor boʻling. Nimalar oʻxshagani va oʻxshamagani haqida rostini ayting. Hamkasblaringizning fikrlarini qiziqish bilan tinglab, ularni eʼtiborga oling. Shuni yodda tutingki, bu sizni yaxshi yoki yomon oʻqituvchi deb belgilash uchun emas, balki professional sifatida tinimsiz oʻsishingizga yordam berish uchundir.