Goi Peace Foundation: 25 yoshgacha boʻlganlar uchun insholar tanlovi; sovrinli oʻrinlar 60 dan ortiq!

Goi Peace Foundation: 25 yoshgacha bo’lganlar uchun insholar tanlovi; yutuq – pul mukofoti va sertifikat!


Yaponiyaning Goi tinchlik fondi (Goi Peace Foundation) 25 yoshgacha bo’lganlar uchun navbatdagi insholar tanlovini e’lon qildi. Ushbu tanlov fond tomonidan har yili o’tkaziladi va dunyo yoshlari orasida madaniy jihatdan hamjihatlik hamda barqaror rivojlanish kabi ijobiy g’oyalarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan. Shuningdek, tanlov jamiyatni yoshlarning gʻoyalaridan oʻrganishga va har bir insonni qay tarzda dunyoda oʻzgarish qila olishi haqida oʻylashga ilhomlantirishni ham oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Tanlovga insholar ingliz, fransuz yoki yapon tilida qabul qilinadi.

Tanlov qatnashchilari 2 kategoriyaga bo’linadi:

  1. Bolalar kategoriyasi. Ushbu kategoriya bo’yicha 14 yoshgacha (2022-yil 15-iyun holatiga ko’ra) bo’lgan bolalar o’z insholarini topshirishi mumkin.
  2. Yoshlar kategoriyasi. Ushbu kategoriya bo’yicha 15-25 yoshli (2022-yil 15-iyun holatiga ko’ra) yoshlar o’z insholarini topshirishi mumkin.

Tanlov mavzusi: 2022-yilgi tanlovda insho “My Values (Mening qadriyatlarim” mavzusida yozilishi kerak. Unda muallif quyidagi savollarga javob berishi kerak: Our values determine how we think and act, and they shape the society we live in. What are the values that you hold dear? How can you best live your life in line with those values, and in doing so, what kind of society do you hope to create? (Tarjimasi: Bizning qadriyatlarimiz qanday fikrlashimiz va harakat qilishimizni belgilab beradi hamda ular biz yashaydigan jamiyatni shakllantiradi. Siz uchun eng qadrli qadriyatlar nimalar? Shu qadriyatlarga amal qilgan holda qanday qilib hayotingizni eng yaxshi tarzda yashashingiz hamda shunday hayot kechirish orqali qanday jamiyatni barpo etishni umid qilasiz?).

Eslatma: “Mening qadriyatlarim” – bu tanlovning mavzusi. Insho uchun ishtirokchi oʻzi istagan nomni qoʻyishi mumkin, inshoning mazmuni yuqorida keltirilgan savollarni qamrab olsa boʻldi.

Grantning manfaatli jihatlari:

Bolalar va yoshlar kategoriyasi bo’yicha g’oliblar quyidagicha mukofotlanadi:

  1. 1-o’rin (1 nafardan) – diplom, esdalik sovg’asi va 100 ming yen (taxminan 840 AQSh dollari) miqdoridagi pul mukofoti bilan;
  2. 2-o’rin (3 nafardan) diplom, esdalik sovg’asi va 50 ming yen (taxminan 420 AQSh dollari) miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
  3. 3-o’rin (5 nafar) – diplom va esdalik sovg’asi.
  4. O’ziga xos insholar egalari (25 nafar) – diplom va esdalik sovg’asi.
  5. 1-3-o’rinni olganlar g’oliblarning onlayn tarzda boʻlib oʻtadigan Gʻoliblar uchrashuvi marosimiga taklif etiladi.
  6. Best School Award, School Incentive Award kabi qo’shimcha mukofotlar ham berilishi mumkin.

Tanlov gʻoliblari tanlovning saytida 2022-yil 31-oktabrda eʼlon qilinadi hamda diplom va esdalik sovgʻalari 2022-yil dekabr oyida sovrindorga pochta orqali yuboriladi.

Talablar:

Nomzod 2022-yilning 15-iyuniga qadar ko’rsatilgan kategoriyalar bo’yicha belgilangan yoshdan oshmagan bo’lishi kerak.

Ishnoga qoʻyilgan talablar quyidagicha:

  • Insho ingliz, fransuz yoki yapon tilida yozilishi kerak.
  • Insho yapon tilida bo’lsa, eng ko’pi 1600 ta belgidan; qolgan tillarda bo’lsa, 700 ta so’zdan oshib ketmasligi kerak. Soʻzlarni sanashda insho nomi va ishtirokchi ismi hisobga olinmaydi.
  • Insho kompyuterda yozilishi kerak va 1-sahifaning yuqori qismida ishtirokchining ism-familiyasi hamda insho nomi keltirilishi lozim. Shuningdek, insholar faqat onlayn tarzda qabul qilinadi.
  • Insholarni yozish formati (shrift, font va hk) uchun alohida talab belgilanmagan, lekin insholar Word (DOC/DOCX) yoki PDF shaklida topshirilishi lozim.
  • Bitta ishtirokchi faqat bitta insho topshira oladi.
  • Insho ko’chirilmagan va chop etilmagan bo’lishi kerak. Plagiat tekshiruvi o’tkaziladi va plagiat aniqlangan insholar chiqarib tashlanadi.
  • Insho bir kishi tomonidan yozilgan bo’lishi lozim. Ikki va undan ortiq muallif tomonidan birgalikda yozilgan insholar qabul qilinmaydi.
  • Insholar muallif tomonidan shaxsan topshirilishi yoki o’qituvchi o’z guruhi o’quvchilarining insholarini yig’ib olib, ularni birga topshirishi mumkin. O’qituvchi insholarni yig’ib olib topshirganda ro’yxatdan o’tishda «account for school/organization entrant» sifatida hisob (akkaunt) yaratishi kerak.
  • Yuqoridagi talablarga javob bermaydigan insholar tanlovga qabul qilinmaydi.
  • Tashkilotchilar insholarni qabul qilganligi haqida mualliflarni xabardor qila olmaydi. Mualliflar natijani faqat e’lon qilingandan keyin bilishlari mumkin.
  • Tanlovga topshirilgan insholarning mualliflik huquqi tanlov tashkilotchisiga oʻtadi.

Dasturga qabul jarayoni:

Insholar faqat elektron tarzda qabul qilinadi. Insholarni onlayn tarzda qabul qilish 2022-yil mart oyining boshlaridan boshlanadi. Insholarni topshirishning oxirgi vaqti – 2022-yil 15-iyun (qaysi davlatda boʻlsangiz, oʻsha davlat vaqti bilan 23:59 gacha). Insho topshirish uchun dastlab BU YERDA hisob (akkaunt) yarating, so’ng inshoni DOC/DOCX yoki PDF formatda topshiring.

Eslatma: Hozirda (2022-yil 22-fevral) roʻyxatdan oʻtish va insho topshirish sahifasi faollashtirilmagan hamda insholarni topshirib boʻlmaydi. Insholar qabuli 2022-yil mart oyi boshlaridan boshlanadi. Qabul boshlanguncha insho uchun gʻoyalar oʻylab, yozishni boshlab turishingiz mumkin.

G’oliblar 2022-yil 31-oktabrda e’lon qilinadi. Diplom va sovg’alar 2022-yil dekabr oyida pochta orqali g’oliblarga yuboriladi.

MUHIM: Ishtirok etishga kirishishdan oldin Goi Peace Foundation rasmiy sayti va savol-javoblar bo’limiga o’qib chiqing. Barcha ma’lumotlarni o’qib chiqqach ham savolingiz bo’lsa, BU YERDA tashkilotchilarga savollar yuzasidan murojaat qilishingiz mumkin.

Bundan oldingi yillardagi ushbu tanlov gʻoliblari insholari bilan SHU YERDA tanishishingiz mumkin