Oʻqituvchi attestatsiyada ishtirok etmasa nima boʻladi?

Vazirlar Mahkamasining qarori, 2021 yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda attestatsiyada uzrli yoki uzrsiz sabablarga asosan ishtirok etmaganlik uchun koʻriladigan choralar belgilab qoʻyilgan.

Ushbu hujjatning 45-bandiga ko’ra, pedagoglar attestatsiyada uzrli sababga (vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligi, respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etganligi, vaqtincha xorijiy mamlakatda safarda boʻlganligi, yaqin qarindoshining vafoti, vakolatli davlat organi yoki taʼlim tashkilotlari rahbarlarining maʼlumotnomasida koʻrsatilgan boshqa asoslarga) koʻra kelmagan boʻlsa, ularning attestatsiyasi boshqa muddatga koʻchiriladi.

 

46-bandiga ko’ra, pedagog kadr uzrsiz sababga koʻra attestatsiyada ishtirok etmagan boʻlsa, u attestatsiyadan oʻtmagan hisoblanadi hamda uning tegishli malaka toifasi (lavozimi) bir pogʻona tushiriladi. 

 
Uzrsiz sababga koʻra attestatsiyada ishtirok etmagan mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimidagi pedagog kadr attestatsiyadan oʻtmagan hisoblanadi hamda ish beruvchi xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish huquqiga ega.