Endilikda kasalliklari boʻlgan oʻquvchilarga transport xarajatlari toʻlanadi

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevral kuni 132-sonli qarori qabul qilindi.

Unga koʻra, Prezident huzuridagi Aholini ijtimoiy himoya qilish milliy agentligiga 2025-yil 1-apreldan Toshkent, Andijon va Samarqandda, 2025-yil oxirigacha esa respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich transport xizmati koʻrsatish boʻyicha loyihani pilot sifatida joriy etish topshirildi.

Loyiha doirasida ixtisoslashtirilgan maktablar, maktab-internatlarda tahsil olayotgan koʻrish organlari va tayanch-harakat apparati kasalliklari boʻlgan bolalarga transport xizmatlari koʻrsatiladi.
 

Transport xizmatlari quyidagi kasalliklari boʻlgan oʻquvchilarga taqdim etiladi:
 
– bolalar serebral falaji (BSF) (GMFCS tasnifiga koʻra 3-4-5 darajali);

– ogʻir aqliy zaiflik (F72);
– chuqur aqliy zaiflik (F73);
– bolalar autizmi (xulq-atvor buzilishlari va nazoratsiz harakatlar sindromi);
– Dyushenn miopatiyasi;
– orqa miya mushak atrofiyasi;

– orqa miya churrasi, quyi paraplegiya;
– koʻrlik (amebiaz) (H54.1);
– tugʻma nuqsonlar: anoftalm;
– koʻruv nervi atrofiyasi (H47.2);
– koʻruv nervi diski va makulaning yaqqol gipoplaziyasi;
– chala tugʻilganlar retinopatiyasi;
– toʻr parda koʻchishi.


Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2025-yil 1-mart kunidan boshlab kuchga kirgan.