Pedagog xodimlarning 2025-yil uchun uzaytirilgan mehnat taʼtili boʻyicha koʻrsatma xat

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining 2025-yil 12- may 05-40-2839-sonli pedagoglarning har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtillarini reja-jadvalga asosan (navbat bilan) oʻz vaqtida va qonunchilik talablari asosida amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha koʻrsatma xati.

 

O‘zbekiston Respublikasining “2025-yil uchun O‘zbekiston
Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida” Qonuniga muvofiq 2025-yil uchun respublika budjetidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ajratilgan mablag‘larning cheklangan miqdorlari doirasida respublika budjetidan moliyalashtiriladigan ta’lim tashkilotlarining joriy yil uchun I va II guruh xarajatlari bo‘yicha xarajatlar smetalari “UzASBO-2” dasturiy majmuasida yaratilgan modullar doirasida shakllantirilib avtomatik ravishda tegishli mablag‘lar rejalashtirildi.

2024-2025-o‘quv yili uchun umumta’lim muassasalarida dars jarayonlari yakunlanayotganligi munosabati bilan ularda faoliyat yuritayotgan xodimlar O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga muvofiq yillik asosiy mehnat ta’tiliga chiqariladi.


O‘zbеkiston Rеspublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi 263-son qarori bilan Pеdagog xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mеhnat ta’tili davomiyligi me’yorlari tasdiqlangan. Shu munosabat bilan, xodimlarga o‘rnatilgan tartibda asosiy mehnat ta’tiliga chiqarilishi hamda mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun o‘rtacha ish haqi to‘lab berilishini ta’minlash maqsadida, Sizdan quyidagilarni qat’iy nazoratga olishingiz so‘raladi:


birinchidan, xodimlarga har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillar berilishini xarajatlar smetasida rejalashtirilgan mablag‘larga mutanosib ravishda
reja-jadvali asosida (navbat bilan) ta’minlash hamda belgilangan tartibda buyruqlarni rasmiylashtirish va to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish;


ikkinchidan, mehnat ta’tilining umumiy davomiyligini hisoblab chiqarishda asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari jamlaganda ularning davomiyligini belgilangan me’yorlardan oshib ketmasligini ta’minlash;


uchinchidan, mehnat ta’tilini olish huquqini beradigan ish stajini, uning davomiyligini ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblashda, shuningdek uni uzaytirish yoki boshqa muddatga ko‘chirishda amaldagi qonunchilik talablari asosida amalga oshirish;


to‘rtinchidan, har yilgi mehnat ta’tili birinchi ish yilidagi o‘qituvchilarga har yilgi mehnat ta’tili yozgi ta’til davrida to‘liq davomiylikda va ishga kirgan vaqtidan qat’i nazar, ishlab bergan vaqtiga mutanosib ravishda haq to‘langan holda berilishini;


beshinchidan, xodimni har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olishda aniq sabablari keltirilmagan holatlarga chek qo‘yish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik.


Bu borada ta’lim tashkilotlarining yillik asosiy mehnat ta’tili bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirishda sun’iy ravishda mablag‘larning yetishmovchiligi(defitsit)ni, shu orqali xodimlarning noroziliklarini keltirib chiqarmaslik hamda ushbu holatlar vujudga kelgan taqdirda chuqur tahlil qilib, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish.


Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha joylardagi birinchi rahbarlar shaxsan javobgar ekanligini eslatib o‘tgan holda, kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan holatlarda hududlardagi rahbar va mas’ul xodimlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi haqida ogohlantiriladi.


Vazir oʻrinbosari  T. Komilov