Insonning jismoniy xususiyatlari ta’lim jarayoni uchun ham muhimdir. Maktablarda dars soatlarini fanlarning qiyin-osonligiga qarab joylashtirishda bolalarning o‘zlashtirish bilan bog‘liq jismoniy holati ham hisobga olinishi darslar samaradorligini oshiradi.
Inson tana a’zolarining faolligi tunu-kun, ya’ni 24 soat davomida o‘ziga xos o‘zgarishlarga uchraydi. Ayrim vaqtda ular natija berishga va tetiklikka, boshqa vaqtda esa uyqu va dam olishga qaratilgan bo‘ladi. Bu biologik soatlar har bir insonda har xil bo‘lishi mumkin. Kimdir "kunduz odami", kimdir" tun odami" ekanligi tabiiy. Biroq o‘zlashtirishda ko‘pchilik uchun umumiy bo‘lgan faollik darajalari bor.
Tadqiqotlarga ko‘ra:
–Ertalabki soat 7.00 dan so‘ng insonda ish qobiliyati oshadi.
–Soat 9.00 dan 11.00 gacha "eng yuqori daraja", deb nomlangan optimal ish qobiliyati kuzatiladi.
–Taxminan soat 12.00-13.00 larda qobiliyat pasayadi.
–14.00-15.00 larga borib, eng pastki darajaga tushadi-charchoqning aniq ifodalangan tashqi belgilari ko‘rinadi (masalan, ishning sekinlashishi, xatolarni sezmaslik, esnash va h. k)
–Soat 15.00 dan keyin qobiliyat bir oz ko‘tariladi, ammo tushlikkacha vaqtdagi holatga qaytmaydi va shu holatda soat 17.00 dan 19.00 gacha o‘zgarmaydi.
–Ba’zilarda soat 20.00 dan so‘ng yana" yuqori faollik darajasi" paydo bo‘ladi va u soat 22.00 gacha saqlanadi. Ammo, bunday odamlar kamdan-kam.